O‘zbekistonliklarni Yaqin Sharq mamlakatlaridan olib chiqish bo‘yicha ma’lumot
2026-03-05 17:00:00 / Yangiliklar
Bugungi kun holatiga ko‘ra, mamlakatimizning rezident aviakompaniyalari “Uzbekistan Airways”, “Centrum air”, “Qanot Sharq”, “Fly One Asia”, “Fly Khiva”, “Air Samarqand” tomonidan Jidda – Toshkent, Jidda – Andijon, Jidda – Namangan, Jidda – Urganch, Madina – Toshkent, Madina – Qarshi, Madina – Namangan, Dubay – Toshkent yo‘nalishlarida jami 41 ta parvozlar bajarildi.
Xususan, Madina va Jidda aeroportlaridan amalga oshirilgan 36 ta reys orqali 7 988 ta Dubay shahridan bajarilgan 5 qatnov orqali 838 nafar yo‘lovchilarning O‘zbekistonga olib kelinishi ta’minlandi.
Shuningdek, ayni damda “Uzbekistan Airways”aviakompaniyasi HY-334 Dubay – Toshkent, HY-338 Jidda – Toshkent, “Centrum air” aviakompaniyasi C6-318 Jidda – Samarqand, C6-352 Dubay – Toshkent, “Qanot sharq” aviakompaniyasi HH-902 Dubay – Toshkent reyslarini bajarmoqda.
Vatandoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ayni paytda evakuatsiya asosan fuqarolik aviatsiyasi uchun havo hududi ochiq bo‘lib turgan mamlakatlardan amalga oshirilmoqda. Mintaqaning boshqa davlatlarida havo hududi ochilishi bilan mazkur tadbirlar tezkor ravishda tashkil etiladi va davom ettiriladi.
Shuningdek, Qatar, Bahrayn va Quvayt aviatsiya ma’muriyati bilan muzokaralar olib borilib, yaqin kunlarda vatandoshlarni O‘zbekistonga Saudiya Arabistoni hududi orqali qaytarish bo‘yicha charter reyslarini amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Yaqin Sharq mamlakatlarida bo‘lib turgan fuqarolarimiz O‘zbekiston Respublikasi Elchixona va konsulliklari bilan aloqada bo‘lib turishlari tavsiya etiladi.
Ushbu reyslar bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun faqatgina aviakompaniyalarning vakolatxonalariga va ularning rasmiy veb-saytlarida ko‘rsatilgan telefon raqamlariga (ishonch telefonlariga) murojaat qilish lozim.
Ehtimoliy tushunmovchiliklar va moliyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida faqat rasmiy ma’lumot manbalaridan foydalanish va tekshirilmagan vositachilarga murojaat qilishdan saqlanish tavsiya etiladi.
Yo‘lovchilarga yordam ko‘rsatish maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligining call-markazi 24/7 rejimida ishlaydi: tel. +998 (78) 120-00-72, +998 (71) 200-07-65.
