O‘ZBEKISTONDA TRANSPORT-LOGISTIKA MARKAZLARINING REYESTRI E’LON QILINDI
2025-12-23 12:00:00 / Yangiliklar
Reyestrga jami 27 ta transport-logistika markazi kiritilgan bo‘lib, ularning 26 tasi xalqaro, 1 tasi esa hududiy yuklarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan.
Barcha transport-logistika markazlarining yuklarga ishlov berishning yillik umumiy quvvati 27 million tonnadan ortiqni tashkil etadi. Ushbu transport-logistika markazlarning 23 tasi temir yo‘l–avtomobil transporti, 1 tasi temir yo‘l–avtomobil–havo transportida, 1 tasi temir yo‘l–avtomobil–daryo transportida, 1 tasi avtomobil–havo transportida, 1 tasi avtomobil transportida xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Transport-logistika markazlari hududida yuklarni qabul qilish, qayta ishlash va saqlashga mo‘ljallangan yopiq va ochiq omborlar, shuningdek 24 ta transport-logistika markazda konteyner saqlash joylari mavjud. Markazlar egallagan maydoni hajmi 4 gektardan 25 gektargacha, yularga ishlov berish quvvati esa 85 ming tonnadan 4 million tonnagachani tashkil etadi.
Hududlar bo‘yicha taqsimot: Toshkent shahri — 7 ta, Toshkent viloyati — 5 ta, Andijon — 1 ta, Farg‘ona — 3 ta, Namangan — 1 ta, Jizzax — 1 ta, Samarqand — 1 ta, Buxoro — 1 ta, Navoiy — 1 ta, Surxondaryo — 4 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 1 ta.
Transport-logistika markazlarining reyestri yuritilishi transport xizmatlari iste’molchilari uchun xizmatlar ishonchliligini hamda O‘zbekistonda transport-logistika markazlarining keng tarmog‘ini shakllantirishda davlat organlari va transport-logistika markazlari o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini oshiradi.
