Bojxona qonunchiligi
O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni va transport vositalarini olib o‘tish, bojxona to‘lovlarini undirish, bojxona rasmiylashtiruvi, bojxona nazoratini amalga oshirish, shuningdek bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hollarining oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish tartibini belgilash bilan bog‘liq munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi bilan tartibga solinadi (https://lex.uz/docs/2876354).
Bojxona kodeksining 25-moddasiga muvofiq, Tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish maqsadlariga bog‘liq holda ularning bojxona rasmiylashtiruvi bojxona rejimlarining quyidagi turlariga muvofiq amalga oshiriladi:
1) eksport bojxona rejimi shunday rejimki, bunda O‘zbekiston tovari uni qaytarib olib kirish majburiyatisiz bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladi;
2) reyeksport bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududiga ilgari olib kirilgan tovar yoxud bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni qayta ishlash mahsuloti bojxona hududidan bojxona bojlari va soliqlar to‘lanmagan, tovarga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda, ushbu Kodeksning 35-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa, uni olib kirishda to‘langan bojxona bojlari va soliqlar summalari qaytarilgan holda olib chiqiladi;
3) vaqtincha olib chiqish bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududida erkin muomalada turgan tovar ushbu hududdan tashqarida vaqtincha foydalanish maqsadida, bojxona bojlari va soliqlar to‘lanishdan shartli ravishda ozod etilgan, iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda olib chiqiladi;
4) bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimi shunday rejimki, bunda O‘zbekiston tovarlari bojxona hududidan tashqariga qayta ishlash va ularning qayta ishlash mahsulotlarini keyinchalik bojxona hududiga olib kirish maqsadida olib chiqiladi;
5) erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududiga olib kirilgan tovar uni ushbu hududdan qaytarib olib chiqish majburiyatisiz shu erda erkin muomalada qoladi;
6) reimport bojxona rejimi shunday rejimki, bunda ilgari bojxona hududidan olib chiqilgan tovarlar bojxona bojlari, soliqlar to‘lanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda, ushbu Kodeksning 59-moddasida belgilangan muddatlarda bojxona hududiga qaytarib olib kiriladi;
7) vaqtincha olib kirish bojxona rejimi shunday rejimki, bunda tovar bojxona hududiga muayyan muddatga olib kiriladi va bojxona to‘lovlaridan shartli ozod etilgan yoki davriy bojxona to‘lovlari to‘langan hamda iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda undan vaqtincha foydalaniladi;
8) bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi shunday rejimki, bunda tovar bojxona hududiga qayta ishlash va uni qayta ishlash mahsulotlari tarzida olib chiqish maqsadida, bojxona bojlari va soliqlar to‘lashdan shartli ozod etilgan holda olib kiriladi;
9) vaqtincha saqlash bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududiga olib kirilgan har qanday tovar tayinlangan bojxona organiga taqdim etilgan paytdan boshlab va tanlangan bojxona rejimiga muvofiq chiqarib yuborilguniga qadar, shuningdek ushbu Kodeksning 177-moddasida nazarda tutilgan hollarda va shartlarda, bojxona to‘lovlari to‘lanmagan hamda iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda vaqtincha bojxona nazorati ostida saqlanishi mumkin;
10) bojxona ombori bojxona rejimi shunday rejimki, bunda bojxona hududiga olib kirilgan va bojxona hududidan olib chiqish uchun mo‘ljallangan tovar bojxona bojlari, soliqlar to‘lanmagan hamda iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda muayyan binolarda (joylarda) bojxona nazorati ostida saqlanadi;
11) erkin ombor bojxona rejimi shunday rejimki, bunda tovar muayyan joylar va hududlarda bojxona to‘lovlari to‘lanmagan hamda iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda joylashtiriladi;
12) erkin bojxona zonasi bojxona rejimi shunday rejimki, bunda tovar muayyan joylar va hududlarda bojxona to‘lovlari to‘lanmagan hamda iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda joylashtiriladi va shu tarzda undan foydalaniladi;
13) boj olinmaydigan savdo bojxona rejimi shunday rejimki, bunda tovarlar bojxona hududining bojxona organlari tomonidan belgilangan joylarida bojxona bojlari, soliqlar to‘lanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda bojxona nazorati ostida turadi hamda realizatsiya qilinadi;
14) bojxona tranziti bojxona rejimi shunday rejimki, bunda:
- olib kirilgan tovar jo‘natuvchi bojxona organi va tovar kelib tushadigan bojxona organi orasidagi bojxona hududi bo‘ylab, shu jumladan chet davlat hududi orqali bojxona nazorati ostida;
- O‘zbekiston tovarlari bojxona chegarasida joylashgan jo‘natuvchi bojxona organi va tovar kelib tushadigan bojxona organi orasidagi chet davlat hududi bo‘ylab bojxona bojlari va soliqlar to‘lanmagan, shuningdek iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda olib o‘tiladi;
15) yo‘q qilish bojxona rejimi shunday rejimki, bunda chet el tovari bojxona to‘lovlari to‘lanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda bojxona nazorati ostida yo‘q qilinadi, shu jumladan foydalanish uchun yaroqsiz holga keltiriladi;
16) davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimi shunday rejimki, bunda vakolatli shaxs tovardan voz kechadi hamda uni bojxona to‘lovlari to‘lanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmagan holda tekinga davlat mulkiga o‘tkazadi.
