O‘zbekiston va Xitoyning Aerospace Long-March kompaniyasi aerokosmik texnologiyalar va raqamli infratuzilma sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi
2025-09-16 20:20:00 / Yangiliklar

2025-yil 16-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning Aerospace Long-March International Trade kompaniyasi bosh direktori janob Xu Zhongmin bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar aerokosmik texnologiyalarning turli yo‘nalishlarida, xususan, sun’iy yo‘ldosh xizmatlari, aeronavigatsiya va telekommunikatsiya sohalarida hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida masofadan zondlash texnologiyalarini joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ushbu tashrif va muzokaralar ikki mamlakatning strategik sherikchiligini yangi bosqichga olib chiqishi, ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirishga hamda O‘zbekistonda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.






