Kimyo sanoati: Kimyoviy klasterning maqsadlari va rivojlanishi
2025-06-11 15:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonning kimyo sanoati uzoq vaqt davomida katta salohiyatga ega bo‘lib kelgan, va hozirgi kunda ushbu soha yangi rivojlanish bosqichiga o‘tdi. O‘zbekiston, global kimyo sektori va innovatsion texnologiyalarni jalb qilishga tayyor bo‘lib, o‘z iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va sanoatni zamonaviylashtirishga qaratilgan harakatlarini davom ettirmoqda.
Bugun Toshkentda o‘tkazilayotgan Xalqaro Ivestitsiyalar Forumi doirasidagi panel sessiyada kimyo sanoatining o‘sish istiqbollari va yangi rivojlanish yo‘nalishlari haqida muhim muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning kimyo sanoati uchun istiqbolli loyihalar va global bozorlar bilan integratsiyalashish strategiyalari yoritildi.
“O‘zkimyosanoat” boshqaruv raisi maslahatchisi Jorjo Veronezi O‘zbekistonda hozirda turli rivojlanish bosqichlarida bo‘lgan ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Maslahatchi ularni uch asosiy toifaga ajratdi: strategik loyihalar, dekarbonizatsiya va aylanma iqtisodiyot loyihalari, hamda eskirgan obyektlarni modernizatsiya qilish tashabbuslari.
- Yirik loyihalarni moliyalashtirish asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. Shu sababli, “O‘zkimyosanoat” bir vaqtning o‘zida investitsiya hamkori sifatida ham harakat qila oladigan texnologik hamkorlarni izlamoqda. Jorjo Veronezining ta’kidlashicha, aynan shunday hamkorlar loyihalarni amalga oshirishda faol rol o‘ynashlari mumkin.
“Balcom Co. Ltd.” kompaniyasi prezidenti Yamasaka Tesuro kimyo sanoatida ham maxsus kimyoviy moddalar va materiallar ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
“Shu nuqtayi nazardan, Yaponiya kompaniyalari quyidagi yo‘nalishlarda muhim hissa qo‘shishlari mumkin: texnologiyalarni o‘tkazish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan yuqori texnologiyali mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqish, ESG tamoyillari asosida barqaror ishlab chiqarish jarayonlarini joriy etishga ko‘maklashish, shuningdek, kadrlar salohiyatini rivojlantirish orqali sohaning raqobatbardoshligini mustahkamlash”,- deya qo‘shimcha qildi Yamasaka Tesuro.
Sessiya davomida ishtirokchilar kimyo sanoatining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan investitsiya imkoniyatlari, yangi texnologiyalar va davlat tomonidan yaratilgan qulay sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shuningdek, kimyo sanoatining kelajagi u ACWA Power kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Abid Malikning aytishicha, 2030-yilga kelib O‘zbekistonda ACWA Power kompaniyasining qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi loyihalarining umumiy quvvati 10 000 MVtga yetadi. Hozirgi kunda Buxoro viloyatida ikki oy oldin ishga tushirilgan 1000 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda.
Air Products kompaniyasining Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Vatslav Xarant ta’kidlashicha, kompaniya nafaqat klasterlarda (Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Navoiyazot, GTL zavodi) ishtirok etmoqda, balki ularni o‘zaro bog‘lashni ham amalga oshirmoqda.
“Bu oziq-ovqat sanoati, shisha ishlab chiqarish, metallurgiya yoki kimyo sohasi bo‘lishidan qat’iy nazar biz infratuzilmani quramiz, zavodlardan iste’molchilarga texnik gazlarni yetkazib beramiz, - deya qo‘shimcha qildi Vatslav Xarant.
“O‘zbekiston Vodorod Peroksid” kompaniyasi asoschisi Jamshid Shokirov O‘zbekistonda maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish uchun asosiy xomashyo hisoblangan xlor, kaustik soda, sianidlar kabi kimyoviy mahsulotlarning jiddiy tanqisligi mavjudligi haqidagi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
Tadbirda mamlakatning kimyo sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan aniq yo‘nalishlar va strategiyalar belgilandi.









