Turizmga investitsiyalar
2026-06-18 13:20:00 / Yangiliklar

Poytaxtimizdagi CAEx Center markazida joriy yilning 18-iyun kuni V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Turizm sohasiga investitsiyalar” mavzusida maxsus panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mahalliy va xalqaro ekspertlar, sarmoyadorlar hamda davlat idoralari vakillarini birlashtirgan mazkur tadbirda O‘zbekistonni global sayyohlik markaziga aylantirish, transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda sohaning eksport salohiyatini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Buyuk Britaniyaning “The Independent” nashri bosh muharriri Jordi Greyg moderatorlik qilgan mazkur tadbir turizm infratuzilmasini rivojlantirish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda iqtisodiyotning eng jadal o‘sayotgan tarmoqlaridan biriga xalqaro kapitalni jalb etish masalalariga bag‘ishlandi. Sessiyada xalqaro ekspertlar tomonidan O‘zbekistonning turizm bozoridagi raqobatbardosh afzalliklari va istiqbolli investitsiya loyihalari portfeli atroflicha tahlil qilindi.
Forumda taqdim etilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasi mislsiz o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda. Xususan, 2026-yilning dastlabki besh oyida mamlakatga 5,3 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37 foizga ko‘pdir. BMT Butunjahon turizm tashkilotining ma’lumotlari ham O‘zbekiston sayyohlik oqimi o‘sishi bo‘yicha dunyoda eng yetakchi davlatlar qatoriga kirganini tasdiqlaydi. Ushbu natijalar mamlakatda olib borilayotgan ochiqlik siyosatining mahsuli ekani ta’kidlanib, hozirda 95 ta mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim, 52 ta davlat uchun elektron viza tizimi hamda 45 ta mamlakat uchun vizasiz tranzit imkoniyati joriy etilgani qayd etildi. Agar 2017-yilda mamlakatga 2,7 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 11,7 million kishiga yetgan, turistik xizmatlar eksporti esa 531 million dollardan 4,8 milliard AQSH dollariga qadar oshgan.
Sohadagi mavjud salohiyatni tizimli loyihalarga aylantirish muhokamalar markazida bo‘ldi. Turizmni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, kelgusida sayyohlar oqimini ko‘paytirish bilan bir qatorda, turistik xizmatlar eksportini 6 milliard AQSH dollaridan oshirish ko‘zda tutilgan. Asosiy vazifalar qatorida sayyohlarning mamlakatda o‘rtacha qolish muddatini 7–8 kunga yetkazish, shuningdek, bir sayyohga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajatlar miqdorini hozirgi 415 dollardan jahon o‘rtacha ko‘rsatkichi hisoblangan 1180 dollarga ko‘tarish belgilangan. Ishtirokchilar tomonidan MICE, gastronomik, ekologik, ziyorat, kino va lyuks-turizm kabi yuqori daromadli yo‘nalishlarni targ‘ib qilish zarurati alohida ta’kidlandi.
Sessiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlarga to‘xtalib o‘tdi.
— Bugungi kunda O‘zbekiston investorlarga nafaqat noyob sayyohlik resurslari va boy madaniy-tarixiy merosni, balki turizm loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning keng qamrovli tizimini ham taklif etmoqda, – dedi qo'mita raisi o'z nutqida. — Biz soliq imtiyozlari, subsidiyalar, imtiyozli moliyalashtirish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari orqali investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratmoqdamiz.
Shuningdek, Abdulaziz Aqqulov ochiq investitsiya siyosati va qulay geografik joylashuv uyg‘unligi mamlakatning mintaqadagi yetakchi sayyohlik markazi sifatidagi mavqeyini mustahkamlashiga, shu bilan birga, ekstremal hamda MICE-industriya loyihalariga uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etishiga ishonch bildirdi.
Hududlarni rivojlantirishda yirik turistik zonalarning shaharsozlik hujjatlari bilan uyg‘unligi masalasi xalqaro mutaxassislar tomonidan chuqur tahlil qilindi. Milliy shaharsozlik portali bosh direktori Vladimir Jukov master-planlarni ishlab chiqish o‘ziga xos va murakkab jarayon ekanligini qayd etdi.
— Garchi master-planlar shaharsozlik kodeksiga ko'ra qat’iy yuridik hujjat hisoblanmasa-da, yirik sayyohlik zonalarini loyihalashtirishda ularni shaharlarning bosh rejalari hamda hududiy rejalashtirish sxemalari bilan to‘g‘ri va uzviy tarzda birlashtirish bizning asosiy vazifamizdir, – dedi ekspert.
O‘z navbatida, xalqaro turizm eksperti, “Geo Data Plus” bosh direktori Lyudmila Antonova barqaror turizm yo‘nalishida O‘zbekistonning jadal sur’atlar bilan olg‘a siljiyotganini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, loyiha ofislarining faol yo'lga qo'yilishi va davlatning turizm infratuzilmasini master-planlar asosida bevosita nazoratga olishi barqarorlikni ta’minlashdagi eng samarali va to‘g‘ri tashkiliy uslub bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muloqot davomida chet ellik sayyohlarni jalb qilishda raqamli marketing va maqsadli targ‘ibotning o‘rni hamda mintaqaviy xalqaro do‘stlik aloqalari muhokama qilindi. Raqamli marketing bo‘yicha “Governpool” kompaniyasi loyihalar rahbari Neytan Benson O‘zbekistonga sayohat qilish shunchaki joylarni ko‘rish emas, balki chuqur ruhiy his-tuyg‘ularni uyg‘otuvchi noyob tajriba ekanini ta’kidladi.
— Mamlakatdagi turizm sohasi o‘sishda davom etadi, shunchaki odamlar bu haqida hali yetarlicha bilishmaydi. Buni o‘zgartirish va aql bovar qilmas mehmondo‘stlikni dunyoga yoyish uchun zamonaviy sun’iy intellekt vositalari hamda ijtimoiy tarmoq influenserlaridan keng foydalanish zarur, – deya maslahat berdi Benson.
Xalqaro hamkorlik istiqbollari doirasida so‘z olgan Xitoy turizm palatasi vitse-prezidenti Chi Lu xitoylik sayyohlarning Ipak yo‘li tarixiga bo‘lgan ulkan qiziqishini e’tirof etib:
— Biz turizm infratuzilmasini barpo etish borasidagi Xitoy tajribasi bilan o‘rtoqlashishga hamda qo‘shma turistik loyihalarga faol sarmoya kiritishga tayyormiz, – deya o‘z mamlakatining hamkorlikdagi aniq maqsadlarini ochiqladi.
Aeroport va aviatsiya infratuzilmasi turizmning qon tomiri ekanligi “Boeing” kompaniyasining Yevroosiyo va Hindiston bo‘yicha tijorat savdo direktori Mario Epting tomonidan tahlil etildi. U joriy yil “O‘zbekiston havo yo‘llari” parkiga birinchi “Boeing 787” samolyoti qo‘shilganiga 10 yil to‘lganini bayon etib, bu jarayon yo‘lovchilardan tashqari yuk tashish logistikasini ta’minlash uchun ham birdek muhimligini eslatdi.
— O‘zbekistonning geografik joylashuvi jahon iqtisodiyotining deyarli episentrida bo‘lib, atrofingizda butun dunyo YaIMning 60 foizi jamlangan. Kengayib borayotgan qulay iqlim va aloqalar hisobiga Toshkent Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi asosiy tranzit markaziga aylanmoqda, – deya ishonch bildirdi aviasozlik giganti vakili.
Xususan, infratuzilmaning jadal rivojlanishi natijasida so‘nggi yillarda mehmonxonalar va joylashtirish vositalari soni qariyb to‘qqiz barobar ortib, 7 mingdan oshgani, bugungi kunda mamlakatda “Hilton”, “Marriott”, “InterContinental”, “Radisson”, “Holiday Inn”, “Wyndham” va “Mercure” kabi 30 ga yaqin xalqaro mehmonxona brendlari faoliyat yuritayotgani xalqaro brendlarning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi jadal davom etayotganidan dalolat berishi aytildi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash mumkinki, institutsional islohotlar, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda ochiq sarmoyaviy muhit xalqaro sarmoyadorlar uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Turizm yo‘nalishidagi tizimli investitsion yondashuv O‘zbekistonni mintaqaning markaziy logistik, madaniy va barqaror turizm xabiga aylantirish yo‘lidagi ulkan salohiyatini tez fursatlarda amaliy natijalarga aylantiradi.









