O‘zbekistonda aylana iqtisodiyot: Chiqindilar, suv va emissiyalar barqaror o‘sish katalizatori sifatida
2026-06-18 12:15:00 / Yangiliklar

V Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF) doirasida global miqyosdagi eng yirik brendlardan biri “The Coca-Cola Company” tashabbusi bilan tashkil etilgan ekologik va iqtisodiy barqarorlikka bag‘ishlangan “O‘zbekistonda aylanma iqtisodiyot: Chiqindilar, suv va emissiyalar barqaror o‘sish katalizatori sifatida” nomli panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ekspertlar, xususiy sektor yetakchilari hamda davlat tashkilotlari rahbarlari O‘zbekistonning aylana (sirkulyar) iqtisodiyotga o‘tish jarayonini qanday jadallashtirishi mumkinligini muhokama qildilar.
Sessiya ishtirokchilari innovatsiyalar, resurslardan mas’uliyatli va tejab foydalanish, xususiy sektor yetakchiligi hamda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish masalalariga asosiy e’tibor qaratdilar. Anjumanda chiqindilar uchun yopiq sikl (closed-loop) tizimlarini yaratish, suv resurslaridan unumli foydalanish va barqarorlikni oshirish, shuningdek, atrof-muhitga tashlanayotgan zararli emissiyalarni kamaytirish bo‘yicha amaliy va strategik choralar yoritildi. Qayd etilgan barcha yo‘nalishlar “O‘zbekiston - 2030” ekologik strategiyasining eng muhim ustunlari hisoblanadi.
Global darajadagi ekologik korporatsiyalar va moliya tuzilmalari vakillarini jamlagan ushbu sessiyaga The Coca-Cola Company korporatsiyasining EME OU (Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika operatsion bloki) mintaqasida barqaror rivojlanish bo‘yicha direktori Begüm Yontar Avcı moderatorlik qildi.
Panelda quyidagi nufuzli spikerlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar:
- Sharifbek Hasanov – O‘zbekiston Respublikasi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori;
- Zehra Zeynep Dereli – “ODAS Group” prezidenti;
- Alexandra Scott – “Global Environment and Technology Foundation” (GETF) prezidenti, shuningdek, “Project Last Mile” va “Next Mile Ventures” boshqaruvchi direktori;
- Belinda Knox – “I-Environment Investments Limited” boshqaruvchi direktori;
- Sebastien Daziano – “Veolia” kompaniyasining ko‘p tomonlama samaradorlik strategiyasi bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti;
- Silvère Delaunay – “SUEZ” kompaniyasining Markaziy Osiyo, Kavkaz va Turkiya bo‘yicha bosh ijrochi direktori.
Muhokamalar davomida soha mutaxassislari aylana iqtisodiyot prinsiplarini tatbiq etishda xususiy sektor yetakchiligining o‘rni muhimligini qayd etdilar. Chiqindilarni qayta ishlash va suv resurslarini samarali boshqarishda ulkan tajribaga ega bo‘lgan “SUEZ” va “Veolia” kabi global gigantlar O‘zbekistondagi kommunal va ekologik infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini yuqori baholadilar.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov ikki yil muqaddam davlat organlari o‘rtasida muvofiqlashtiruvchi ko‘prik bo‘lish va barcha loyihalarni davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida investitsiyaga tayyorlash maqsadida tashkil etilgan ushbu agentlik faoliyati haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, regulyator vazifasini bajaruvchi mazkur tuzilma chiqindilarning 14 ta asosiy turini tasniflagan holda, Fransiyaning “SUEZ” va Janubiy Koreyaning “Vision” kompaniyalari bilan xavfli chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Mamlakatda har yili qariyb 14 million tonna chiqindi hosil bo‘lishi hamda sanitariya talablariga javob beradigan poligonlar va dastlabki saralash madaniyati mavjud emasligi sababli, boshlang‘ich bosqichda chiqindilarni termik qayta ishlash (yoqish) orqali elektr energiyasi olish va poligonlar maydonini qisqartirish strategiyasi tanlangan.
Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, prezident topshirig‘iga binoan, O‘zbekistonda ilgari amaliyotda bo‘lmagan ishlab chiqaruvchilarning kengaytirilgan mas’uliyati (EPR) tizimi Yevropaning ilg‘or modeli asosida joriy etilmoqda. Mazkur mexanizm doirasida ishlab chiqaruvchilardan maxsus utilizatsiya yig‘imi undiriladi yoki ularning o‘zlari chiqindilarni qayta ishlashlari uchun sharoit yaratiladi. To‘plangan mablag‘lar esa yangi investorlarni jalb qilib, jarayonni to‘liq muvofiqlashtirishga yo‘naltiriladi.
“Mamlakatimizda har yili qariyb 14 million tonna chiqindi hosil boʻladi va biz poligonlar maydonini asossiz ravishda kengaytirish oʻrniga, ushbu chiqindilardan samarali xalos boʻlish yoʻllarini izlashimiz shart. Biz Yevropaning ilgʻor EPR tizimi modelini qabul qilishni maqsad qilganmiz va maqsadimiz - “nol chiqindi” (zero waste) tashabbusini hayotga tatbiq etishdir”, – dedi agentlik rahbari.
Shuningdek, yana bir spiker “ODAS Group” prezidenti Zehra Zeynep Dereli Oʻzbekistonning agrar hududlarida suv resurslarining hajmi kamayishi bilan birga, ularning minerallashuv va shoʻrlanish darajasi ortib borayotganini strategik muammo sifatida koʻrsatdi. Bugungi kunda biznes subyektlari ushbu vaziyatni ekologik siyosatdan tashqari jiddiy iqtisodiy omil sifatida anglab, suvni tozalash va undan qayta foydalanish imkonini beruvchi yopiq siklli (closed-loop) tizimlarni joriy etishga kirishmoqdalar. Ishlab chiqarishda suvdan keng foydalanuvchi mazkur kompaniya oqova suvlarni tozalash tizimlariga yirik investitsiyalar yoʻnaltirdi hamda real vaqt rejimida suv sifatini monitoring qiluvchi (real-time water quality tracking) tizimni oʻrnatishni yakunlamoqda.
Zehraga ko‘ra, kompaniya qishloq xoʻjaligi yerlariga yaqin joylashgani sababli, suv sifatini tubdan yaxshilaydigan ilgʻor membrana texnologiyalarini (membrane system) tatbiq etmoqda. Shuningdek, mahalliy aholidan iborat boʻlgan korxona xodimlari uchun mintaqaning ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ixtisoslashtirilgan treninglar tashkil etib kelinmoqda.
“Bugungi kunda biznes subyektlari mazkur masalani shunchaki ekologik siyosat darajasidagi strategiya emas, balki jiddiy iqtisodiy omil sifatida anglay boshladilar. Agar biz ushbu agrar mintaqada suv sifatining yomonlashishiga sabab boʻlsak, ushbu tarmoqning inqirozi pirovardida iqtisodiyotning barcha sohalarida, jumladan, energiya isteʼmoli zanjirida ham jiddiy retsessiyaga olib kelishi muqarrar”, – deydi Zehra Zeynep Dereli.






