Muqobil investitsiya fondlari: Institutsional kapital uchun me’yoriy-huquqiy baza
2026-06-18 11:45:00 / Yangiliklar

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida xususiy sarmoya va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirishga bag‘ishlangan “Muqobil investitsiya fondlari: Institutsional kapital uchun me’yoriy-huquqiy baza” mavzusida muhim panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro muloqot maydonida moliya, huquq va investitsiya sohasining quyidagi yetakchi mutaxassislari ishtirok etdilar:
- Alyona Dolgova - BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) moliyaviy bozorni rivojlantirish bo‘yicha konsultanti (Moderator)
- Kazbek Bassiev - “Vision Invest” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, yangi biznesni rivojlantirish bo‘yicha katta vitse-prezidenti
- Thea Jokhadze - “Jokhadze Capital Advisors” kompaniyasi sherigi
- Shuhrat Yunusov - “Kosta Legal” yuridik firmasi hamkori
- Shaun Reader - “Curtis, Mallet-Prevost, Colt & Mosle LLP” xalqaro yuridik firmasi hamkori
- Sergey Salikov - “Uzum” milliy raqamli ekotizimining bosh yuridik maslahatchisi
- Ádám Szentpéteri - “Ipoteka-bank” ATIB (OTP Group) bosh direktori vazifasini bajaruvchi, bosh moliyaviy direktori (CFO) va transformatsiya bo‘yicha bosh direktori (CTO)
“Vision Invest” kompaniyasi vakili Kazbek Bassiev xususiy va venchur kapital jamg‘armalari uchun yangi qonun loyihasi hukumatga kiritilganini ma’lum qilib, bu sohada uzoq muddatli muvaffaqiyatga zamin yaratuvchi tizimli qadam ekanligini ta’kidladi. Kompaniya O‘zbekistonni iqtisodiy ko‘prik sifatida baholab, institusional investorlar uchun soliq va valyuta tizimini yanada jozibador qilish hamda mahalliy startaplarga sarmoya kiritish imkoniyatlarini kengaytirishni taklif etmoqda.
- «Kompaniyamiz O‘zbekistonni iqtisodiy ko‘prik sifatida baholab, institusional investorlar uchun soliq va valyuta tizimini yanada jozibador qilish hamda mahalliy startaplarga sarmoya kiritish imkoniyatlarini kengaytirishni taklif etmoqdamiz», dedi Bassiev.
“Kosta Legal” yuridik firmasi vakili Shuhrat Yunusov O‘zbekistonda muqobil investisiya jamg‘armalari (PE/VC) sohasidagi mavjud qonunchilik bazasini zamonaviy bozor talablariga moslashtirish va takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilik tizimida boshqaruv kompaniyalarining bir vaqtning o‘zida bir nechta jamg‘armalarni boshqarishi hamda mablag‘larni bosqichma-bosqich jalb qilish (capital call) kabi zamonaviy moliyaviy mexanizmlardan foydalanishda muayyan huquqiy cheklovlar mavjud. Sohani yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan yangi qonun loyihasi esa boshqaruvchi hamkor (GP) va investorlar (LP) o‘rtasidagi munosabatlarni xalqaro andozalar asosida soddalashtirish va bozor ishtirokchilari uchun qulayliklarni kengaytirishni ko‘zda tutadi.
“Amaldagi tizim boshqaruvchi hamkor va investorlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda biroz qat’iy va murakkab bo‘lib, masalan, jamg‘arma tarkibiga yangi investor qo‘shilishi yoki o‘zgartirish kiritish uchun barcha sheriklarning yuz foizlik bir ovozdan roziligini talab etadi. Global amaliyotga moslashish esa o‘zgarishlarni taqozo qiladi. Yangi qonun loyihasida ilk bor boshqaruvchilarning mas’uliyati (fiduciary duties) aniq belgilab qo‘yilgan va investorlarga, zarur hollarda, boshqaruvchini vazifasidan bo‘shatish huquqi beriladi. Bu tizim shaffofligini ta’minlab, investorlarning bozorga bo‘lgan ishonchini sezilarli darajada oshiradi”, dedi ekspert.
O‘zbekiston bozorining rivojlanishi sharoitida investisiya fondlari faoliyatini jadallashtirish uchun faqatgina tegishli qonunchilik bazasini yaratishning o‘zi yetarli emas. “Jokhadze Capital Advisors” kompaniyasi sherigi Thea Jokhadzening
fikriga ko‘ra, soha rivoji uchun soliq tizimining moslashuvchanligi, tartibga solish jarayonlarining soddaligi va xalqaro miqyosda ishonchli bo‘lgan ingliz huquqi yurisdiksiyasini joriy etish muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, bozorda malakali mahalliy investorlar va fond boshqaruvchilari qatlamini shakllantirish hamda kapital bozorini chuqurlashtirish lozim. Ayniqsa, keyingi ikki-uch yil ichida davlat mablag‘lari va xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida mustaqil «fondlar fondi» (fund of funds) tuzilmasini tashkil etish mamlakat investisiya muhitini harakatga keltiruvchi asosiy drayver bo‘lishi mumkin.
«Gruziya tajribasi shundan iboratki, qonun zarur edi, ammo u soha rivoji uchun yetarli bo‘lmadi, bu farqni O‘zbekiston to‘g‘ri shakllantirishi lozim. Bozor ishlab ketishi uchun siyosiy-huquqiy tomondan moslashuvchan soliq va tartibga solish tizimi, mustaqil ingliz huquqi yurisdiksiyasi, bozor tomonidan esa mahalliy malakali LPlar, JPlar hamda chuqur kapital bozori kerak. Men yaqin yillarda davlat mablag‘larini xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari bilan birlashtirgan holda 'fondlar fondi' (fund of funds) tashkil etishga e’tibor qaratgan bo‘lardim. Bu bir vaqtning o‘zida mablag‘larni erta bosqichda yo‘naltiruvchi mahalliy investorni yaratadi, tashqi investorlar uchun tayanch bo‘ladi va mahalliy boshqaruvchilar pulini rivojlantiradi», dedi u.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston muqobil investitsiyalarning zamonaviy tizimini shakllantirish bo‘yicha izchil va transformatsion qadamlarni tashlamoqda. Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar (Private Equity) va venchur kapitali (Venture Capital) faoliyatini rag‘batlantirish hamda himoya qilish uchun mo‘ljallangan keng qamrovli huquqiy bazani amaliyotga to‘liq tatbiq etish jarayonlari qizg‘in tahlil qilindi. Ishtirokchilar tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan me’yoriy-huquqiy islohotlarni real bozor o‘sishiga aylantirish hamda xalqaro investitsiya fondlarining O‘zbekistondagi ishtirokini yanada kengaytirish yo‘llari atroflicha muhokama qilindi.
Sessiya davomida global va mintaqaviy to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda venchur investitsiya fondlarining yetakchi rahbarlari institutsional kapitalni mamlakat iqtisodiyotiga safarbar etish, fondlarni boshqarish bo‘yicha mahalliy malaka va salohiyatni oshirish yuzasidan o‘zlarining strategik qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, muloqot markazidan sarmoyadorlar uchun jozibador bo‘lgan investitsiyabop loyihalarning uzluksiz va barqaror oqimini shakllantirish mexanizmlari joy oldi. Ushbu panel munozarasi O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasi va undan tashqarida muqobil investitsiyalar uchun chinakam raqobatbardosh, ochiq va ishonchli xabga (markazga) aylantirishga xizmat qiladigan aniq siyosiy hamda iqtisodiy choralarni belgilab olish vazifasini o‘tadi.









