O‘zbekiston uchun o‘sish hamkorlari: MDB va ECA moliyalashtirish yechimlari
2026-06-18 11:20:00 / Yangiliklar

V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston uchun o‘sish hamkorlari: MDB va ECA moliyalashtirish yechimlari” mavzusidagi panel sessiyada mamlakatning xalqaro moliya institutlari va investorlar uchun tobora jozibador bo‘lib borayotgani muhokama markazida bo‘ldi.
Sessiyada xalqaro taraqqiyot banklari (MDB) va eksport-kredit agentliklarining (ECA) xalqaro kapitalni jalb qilish, uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda O‘zbekistonning investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashdagi roli ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, iqtisodiy islohotlar, xususiy sektorning rivojlanishi va investitsiya loyihalariga talabning ortishi O‘zbekistonni xalqaro moliya institutlari uchun tobora jozibador bozorga aylantirmoqda.
Mazkur amaliy muloqot maydonida quyidagi xalqaro moliya ekspertlari va bank sektori rahbarlari ishtirok etdilar:
- Katrin Eich - “Commerzbank AG” kompaniyasining global tuzilgan eksport va savdo moliyalashtirish bo‘yicha bosh mutaxassisi, bosh direktor (Moderator)
- Tomas Baum - “Euler Hermes Aktiengesellschaft” kompaniyasining sug‘urta va xatarlarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i
- Djeyung Djin - Ko‘p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligining (MIGA) Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari
- Sardorbek Usmanbekov - “O‘zbekiston Milliy banki” AJ kengashi raisining birinchi o‘rinbosari
- Pavlo Stergard - “Bpifrance” kompaniyasining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (MENA), Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbar o‘rinbosari
“Euler Hermes Aktiengesellschaft” kompaniyasi vakili Tomas Baum O‘zbekiston tashkilot portfelidagi eng tez rivojlanayotgan bozorlardan biri ekanini ta’kidladi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 15 yil davomida O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirish uchun qariyb 2,7 milliard yevro ajratilgan:
“O‘zbekiston bizning qamrov hajmimiz muntazam o‘sib borayotgan kam sonli mamlakatlardan biridir”.
Eksport-kredit agentliklarining asosiy afzalliklaridan biri biznes uchun uzoq muddatli va qulay moliyalashtirish imkoniyatlarini yaratishidir. Baumning qayd etishicha, Germaniya moliyaviy institutlari ko‘magida O‘zbekistonda to‘qimachilik, konchilik, transport va energetika sohalarida qator yirik loyihalar amalga oshirilgan:
“Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) qoidalaridagi o‘zgarishlar kredit muddatini 15 yilgacha uzaytirish imkonini berdi. Loyihaning xususiyatiga qarab bu muddat 18 yilgacha yetishi mumkin. O‘zbek kompaniyalari ko‘pincha Germaniya uskunalari Xitoy muqobillaridan 30 foiz qimmatroq ekanini aytadi. Bizning vazifamiz ushbu farqni yanada jozibador moliyalashtirish shartlari orqali qoplashdir. Biz O‘zbekistonda shunchaki navbatdagi moliyalashtiruvchi tashkilot bo‘lishni emas, balki biznes va investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylanishni istaymiz.”
Jahon banki guruhi tarkibidagi Ko‘p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi (MIGA)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Djeyung Djin O‘zbekiston xalqaro investorlar uchun tobora muhim bozorga aylanib borayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, MIGA’ning O‘zbekistondagi portfeli bugungi kunda 1 milliard dollarga yaqinlashgan bo‘lib, bunga qayta tiklanuvchi energetika loyihalari va amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar muhim rol o‘ynagan.
“O‘zbekiston MIGA uchun eng istiqbolli bozorlardan biridir. Yaqin yillarda mamlakatda har yili 500 million dollardan ortiq kafolat va moliyalashtirish instrumentlarini taqdim etishimiz mumkin. O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sib borgani sari yirik hajmdagi xususiy kapitalni jalb qilish tobora muhim ahamiyat kasb etadi. Aks holda tez sur’atlarda rivojlanayotgan iqtisodiyotning moliyalashtirish ehtiyojlarini qondirish qiyin bo‘ladi. Biz o‘zimizni nafaqat kafillik qiluvchi tashkilot, balki O‘zbekistonning uzoq muddatli hamkori sifatida ham ko‘ramiz”.
Fransiya kompaniyasi Bpifrance vakili Pavlo Stergard O‘zbekistonni nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun Osiyodagi eng dinamik iqtisodiyotlardan biri deb atadi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda infratuzilma, sog‘liqni saqlash, transport, qurilish va sanoatni modernizatsiya qilish yo‘nalishlaridagi loyihalarga talab tobora ortib bormoqda. Stergardning ma’lum qilishicha, Bpifrance’ning O‘zbekistondagi amaldagi loyihalari portfeli qariyb 400 million yevroni tashkil etadi. U bank O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirib, qo‘shma moliyalashtirish mexanizmlari, eksport kreditlari va yirik investitsiya loyihalari uchun moslashuvchan moliyaviy yechimlar taklif etishga tayyorligini qayd etdi.
Sessiya davomida xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, xususiy kapitalni safarbar etish va strategik loyihalarni moliyalashtirish O‘zbekiston iqtisodiyotining navbatdagi rivojlanish bosqichi uchun muhim omillardan biri ekani qayd etildi.
Muhokamalar xalqaro moliyaviy hamjamiyatning O‘zbekiston iqtisodiy islohotlariga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini hamda mamlakatning Markaziy Osiyodagi eng jozibador investitsiya yo‘nalishlaridan biri sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganini yana bir bor namoyon etdi.




