Global texnologiya iqtisodiyoti uchun yurisdiksiyalarni qayta ko‘rib chiqish
2026-06-18 10:00:00 / Yangiliklar

V Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi doirasida innovatsion moliyaviy ekotizimlar va raqamli iqtisodiyotning kelajagiga bag‘ishlangan muhim panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. “Global texnologiya iqtisodiyoti uchun yurisdiksiyalarni qayta ko‘rib chiqish” mavzusidagi mazkur tadbir xalqaro huquq ekspertlari, moliya bozori yetakchilari va venchur sarmoyadorlarni yagona muloqot maydonida jamladi.
Mazkur nufuzli sessiyada xalqaro moliya institutlari, venchur fondlari va texnologik ekotizimlarning quyidagi yetakchi vakillari ishtirok etdilar:
- Seán McEllin – “Saviday” kompaniyasi hamkori
- Bokhodir Ayupov – “Enterprise Uzbekistan” vitse-prezidenti
- John Kilmartin – “Saviday” kompaniyasining jamoa rahbari
- Mark Beer – “The Metis Institute” kengashi raisi
- Michael Lints Henricus – “Golden Gate Ventures” (GGV) kompaniyasining ta’sischi hamkori
- Sengul Enginsoy – “StartupBlink” kompaniyasining PR va marketing rahbari
Sessiya davomida Toshkent xalqaro moliya markazining (TIFC) mintaqaviy raqobatchilarga nisbatan o‘ziga xos kuchli tomonlari va strategik ustunliklari tahlil qilindi. Ishtirokchilar tomonidan mamlakatning qulay geostrategik joylashuvi, shiddat bilan rivojlanayotgan raqamli infratuzilmasi hamda jozibador investitsiya muhiti mintaqadagi boshqa yetakchi moliya markazlari imkoniyatlari bilan qiyosiy ko‘rib chiqildi. Ekspertlar O‘zbekiston o‘zining jadal iqtisodiy islohotlari orqali texnologik va moliyaviy xabga aylanish uchun zarur bo‘lgan barcha fundamental asoslarni yaratib ulgurganini e’tirof etdilar.
Muhokamalarni ochib bergan “Enterprise Uzbekistan” vitse-prezidenti Bokhodir Ayupov bugungi texnologik kompaniyalar faoliyati tobora global tus olayotgani, shu bilan birga yangi iqtisodiyot ehtiyojlariga mos huquqiy yechimlarga talab ortib borayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, zamonaviy texnologik bizneslar uchun moslashuvchan, ishonchli va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
“Texnologik strategiya bugun nafaqat mahsulotlar va bozorlar, balki moslashuvchanlik, barqarorlik va ishonchli faoliyat muhitini yaratish bilan ham chambarchas bog‘liq”, – dedi Bokhodir Ayupov.
Yurtimizning innovatsion salohiyati va inson kapitali haqida so‘z yuritgan “Saviday” kompaniyasi hamkori Seán McEllin mamlakatda muvaffaqiyatli texnologik ekotizimni shakllantirish uchun zarur asoslar mavjudligini ta’kidladi. U O‘zbekistonni o‘z vaqtida jadal rivojlanish bosqichidan o‘tgan Irlandiya bilan qiyoslar ekan, yosh, intiluvchan va innovatsiyalarga ochiq aholini mamlakatning eng katta ustunliklaridan biri sifatida qayd etdi.
Shu bilan birga, munozaralar markazidan mahalliy iqtisodiy shart-sharoitlarni ilg‘or global moliya standartlari bilan samarali uyg‘unlashtirish masalalari ham o‘rin oldi. Mutaxassislar TIFCning nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘ylab yirik kapital oqimlarini jalb qilishdagi noyob raqobat ustunliklari qanday shakllantirilayotganini va bu jarayonda zamonaviy, moslashuvchan yurisdiksiyalarning o‘rni qanchalik muhimligini amaliy misollar yordamida ochiqlab berdilar.
Xalqaro investitsiyalarning o‘rni haqida to‘xtalgan “Golden Gate Ventures” kompaniyasining ta’sischi hamkori Michael Lints Henricus O‘zbekistonga yillar davomida bir necha bor tashrif buyurganini qayd etdi va mamlakatdagi o‘zgarishlar va rivojlanish sur’atlari xalqaro investorlar e’tiborini tobora ko‘proq jalb qilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u kompaniya O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochayotganini ma’lum qilib, mamlakatning texnologik va investitsion ekotizimi istiqbollariga katta ishonch bildirdi.
“Har bir yangi ekotizimda biz eng avvalo bitta savolni beramiz: bu yerda haqiqatan ham kuchli jamoa yig‘a olamizmi? Muhandislar, startapchilar, moliyachilar? Biznesni tez o‘stira oladigan odamlar bo‘lsa, O‘zbekiston bu borada juda katta salohiyatga ega ekanini ko‘ryapmiz”, – dedi Michael Lints Henricus.
U yangi bozorga kirish jarayonida investorlar uchun eng muhim jihat – barcha jarayonlarning oldindan aniq, tushunarli va shaffof bo‘lishi ekanini alohida qayd etdi. Ma’ruzachining fikricha, agar kirish bosqichlari va talablar boshidan ochiq aytilsa, investorlar murakkabliklardan cho‘chimaydi va bunday muhitda faoliyat olib borishga tez moslashadi.
Sessiya kun tartibini sarhisob qilar ekan, “Enterprise Uzbekistan” vitse-prezidenti Bokhodir Ayupov O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni tashqaridan emas, balki ichkaridan turib kuzatganini ta’kidladi: “Ayrim natijalarni raqamlar va faktlar orqali ifodalash mumkin bo‘lsa-da, eng muhim o‘zgarishlar – islohotlarga bo‘lgan siyosiy iroda, yangilanish ruhi hamda odamlarning imkoniyatlarga bo‘lgan qarashining tubdan o‘zgarishida namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda ko‘plab stereotiplar barbod bo‘ldi va mamlakatning rivojlanish salohiyatiga bo‘lgan global tasavvur sezilarli darajada yangilandi”, – dedi u.
Umuman olganda, mazkur uchrashuv Toshkent xalqaro moliya markazi (TIFC) va “Enterprise Uzbekistan” tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoning yangi texnologik va moliyaviy xabiga aylantirish yoʻlidagi strategik burilish nuqtasi ekanini yana bir bor koʻrsatdi. Kuchli siyosiy iroda, ochiq va shaffof huquqiy muhit, qulay geostrategik joylashuv hamda eng asosiysi, yosh, intiluvchan inson kapitalining oʻzaro uygʻunligi mamlakatning global jozibadorligini oshirishi shubhasiz.








