Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini samarali davom ettirmoqda
2026-06-17 20:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi muvofiqlashtiruvi ostida Toshkent Xalqaro investitsiya forumi 17-iyun kuni bo‘lib o‘tgan tadbirlari doirasida bir qator muhim masalalar yuzasidan biznes forumlar, muhokamalar va panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi.
Kun avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forumning yalpi majlisida ishtirok etib, nutq soʻzladi. Forum 100 dan ortiq mamlakatdan 10 mingdan ziyod delegat va ishtirokchilarni bir joyda yiqqani uning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganini hamda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro hamjamiyatning ishonchi mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Oʻtgan yili mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga oʻsdi, joriy yilda esa yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan ortishi kutilmoqda. Jalb qilingan investitsiyalar hajmi 43 milliard dollarga yetdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilingan boʻlsa, shundan 123 milliard dollari oxirgi besh yilga toʻgʻri kelgani qayd etib o‘tildi.
Shundan so‘ng kun tartibida belgilangan tadbirlar boshlandi. Forum doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbek-Nemis siyosiy va iqtisodiy muloqoti ikki davlat o‘rtasidagi strategik iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash, o‘zaro investitsiyalar hajmini kengaytirish, konchilik hamda muhim minerallar, mashinasozlik, kimyo va farmatsevtika sanoatida qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga bag‘ishlandi.
O‘zbek-Nemis siyosiy va iqtisodiy muloqoti ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Tadbir davomida investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, inson kapitalini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, logistika va transport infratuzilmasi kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini yanada oshirish, qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish hamda uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon biznes-forumida esa davlat idoralari, iqtisodiy zonalar vakillari, rivojlanish institutlari hamda biznes doiralari rahbarlari sanoat hamkorligi, investitsiya imkoniyatlari va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Forum O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida sanoat, logistika, turizm va investitsiyalarni rag‘batlantirish sohalaridagi hamkorlik salohiyati tobora kengayib borayotganini yana bir bor namoyish etdi. Ta’kidlanganidek, iqtisodiy zonalar, biznes hamjamiyatlari va davlat institutlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik yangi investitsiya loyihalari, texnologiyalar transferi va ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
“Muhim foydali qazilmalar va resurs diplomatiyasi: ta’minot zanjirlarini mas’uliyatli tarzda ta’minlash” mavzusidagi yirik panel sessiyasida jahon iqtisodiyotining eng strategik va dolzarb masalalaridan biri muhokama qilindi. Sessiya davomida muhim minerallar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning amaliy mexanizmlari, jumladan ma’lumotlar shaffofligini oshirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va xalqaro standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Global transport va logistika infratuzilmasining kelajagiga bag‘ishlangan “O‘rta yo‘lak”: quvvat, o‘zaro to‘ldiruvchanlik va yangi savdo yo‘llarining iqtisodiyoti” mavzusidagi yirik panel sessiyasi ekspertlari O‘rta yo‘lak Osiyo va Yevropani bog‘lovchi eng muhim transport va savdo yo‘nalishlaridan biriga aylanayotganini ta’kidladilar. Ularning fikricha, kelgusidagi o‘sish nafaqat infratuzilmaga investitsiyalar, balki raqamlashtirish, tartibga solishni uyg‘unlashtirish, institutsional hamkorlik va mintaqa uchun uzoq muddatli iqtisodiy qiymat yaratuvchi logistika ekotizimlarini rivojlantirishga ham bog‘liq bo‘ladi.
“Savdo aloqalarining qayta shakllanishi va ta’minot zanjiri geografiyasi: yangi global arxitekturada Markaziy Osiyoning o‘rni qayerda?” mavzusida katta panel sessiyasida global savdo va ta’minot zanjirlaridagi o‘zgarishlar Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochayotgani qayd etildi. Mutaxassislar fikricha, O‘zbekiston o‘zining strategik joylashuvi, izchil iqtisodiy islohotlari, rivojlanayotgan logistika salohiyati va raqobatbardosh inson kapitali bilan ushbu jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanib, mintaqaning yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalaridan biri sifatida shakllanmoqda.
“TIFC dunyo nigohida: moliyaviy markazlar yetakchilari va investorlarning global qarashi” mavzusida maxsus panel sessiyasi davomida bildirilgan fikrlar Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish tashabbusi xalqaro ekspertlar va investorlar tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilayotganini namoyon etdi.
Ishtirokchilar fikricha, kuchli huquqiy infratuzilma, zamonaviy tartibga solish tizimi va investorlar ishonchini ta’minlaydigan boshqaruv mexanizmlarining yaratilishi Toshkentning nafaqat Markaziy Osiyoda, balki keng Yevroosiyo mintaqasida ham muhim moliyaviy markazlardan biriga aylanishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Mintaqaning kelajakdagi energetika xavfsizligi va barqaror rivojlanishiga bag‘ishlangan “Energetik transformatsiya: Markaziy Osiyoda qayta tiklanuvchi energetika, atom energetikasi va vodorod” mavzusida yirik panel sessiyasi davomida energetik transformatsiyani moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlari qizg‘in muhokama qilindi. Xususan, xususiy va xorijiy kapitalni jalb qilishda muhim o‘rin tutuvchi elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar (PPA — Power Purchase Agreements) tuzilmalari, yirik loyihalarning xalqaro moliya institutlari uchun bankabelligi (moliyalashtirishga yaroqliligi) kafolatlari hamda mintaqaviy elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish masalalari atroflicha tahlil etildi.
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan “Investitsiyalar, savdo va barqaror infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha YI–Markaziy Osiyo strategik hamkorligi” mavzusida yuqori darajadagi panel sessiyasi Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mintaqasi o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiyani faollashtirish, barqaror o‘sishni rag‘batlantirish, o‘zaro bog‘liqlik va sarmoyaviy hamkorlikni jadallashtirish maqsadida tashkil etildi. Sessiya davomida me’yoriy-huquqiy to‘siqlarni bartaraf etish, moliyaviy bo‘shliqlarni to‘ldirish, infratuzilma ehtiyojlarini qondirish hamda sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari qizg‘in muhokama qilindi. Yevropa investitsiya banki (YIB) va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) vakillari mintaqadagi yirik infratuzilma hamda “yashil” energiya loyihalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish hajmini yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Qishloq xo‘jaligi va agrosanoat sohasidagi istiqbolli loyihalarga bag‘ishlangan “Agrobiznes va oziq-ovqat xavfsizligi: texnologiya, qiymat zanjirlari va eksport o‘sishi” mavzusida maxsus pitch sessiyasida O‘zbekistonda B2B va B2C formatlaridagi yirik agroloyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini yuksaltirish va sanoat tarmoqlarini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilishga qaratilgan “Ishlab chiqarishni kengaytirish: qo‘shimcha qiymatga ega ishlab chiqarish va eksport raqobatbardoshligi” mavzusida maxsus pitch sessiyasi amaliy muloqot va loyihalar taqdimoti maydoni xorijiy va mahalliy biznes yetakchilari, yirik ishlab chiqaruvchi kompaniyalar rahbarlari hamda investorlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirdi. Ishtirokchilar investitsion jozibadorlikni oshirish, xalqaro raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda yangi eksport bozorlarini zabt etish istiqbollarini muhokama qildilar. Loyihalar namoyishi bevosita sarmoyadorlar bilan muzokaralar o‘tkazish va amaliy kelishuvlarga erishish uchun qulay zamin yaratdi.









