Muhim foydali qazilmalar va resurs diplomatiyasi: ta’minot zanjirlarini mas’uliyatli tarzda ta’minlash va qo‘shimcha qiymat yaratish
2026-06-17 11:00:00 / Yangiliklar

17-iyun kuni Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi muvofiqlashtirayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Muhim foydali qazilmalar va resurs diplomatiyasi: ta’minot zanjirlarini mas’uliyatli tarzda ta’minlash” mavzusida yirik panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda jahon iqtisodiyotining eng strategik va dolzarb masalalaridan biri muhokama qilindi.
Mazkur muhim strategik muloqot maydonida quyidagi xalqaro ekspertlar va soha yetakchilari ishtirok etdilar:
- Han Ilhan — AQSHning “Catalis Strategies” kompaniyasi hammuassisi va boshqaruvchi direktori (Moderator)
- Gregory Lecomte — Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i
- Adam Podgorski — “TASCA Pte. Ltd.” kompaniyasi direktori va hammuassisi
- Mark Robinson — Qazib olish sanoati shaffofligi tashabbusi (EITI) ijrochi direktori
- Andrei Navitski — Boston Consulting Group (BCG) boshqaruvchi direktori va hamkori
- Yermolai Solzhenitsyn — “McKinsey & Company” kompaniyasining Global metallurgiya yo‘nalishi rahbari va katta hamkori
- Sarah Whitten — AQSh Eksport-import bankining (U.S. EXIM) tijorat bo‘yicha bosh direktori
- Jon Yovanovich – AQSh Eksport-import banki prezidenti va boshqaruvi raisi;
- Feruza Hamidova – O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari.
Muhokamalar davomida muhim foydali qazilmalarning global iqtisodiy transformatsiya va xalqaro ta’minot zanjirlari barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
AQSh Eksport-import banki prezidenti Jon Yovanovich o‘z nutqida kritik minerallar barqaror iqtisodiy rivojlanish va texnologik taraqqiyotning asosiga aylanayotganini qayd etdi.
“Qanday siyosiy qarashlar yoki iqtisodiy yondashuvlardan qat’i nazar, barchani birlashtiradigan jihat bor: muhim xomashyo resurslari va ta’minot zanjirlari xavfsizligi kelajak taraqqiyotining poydevoridir. Aynan muhim minerallar zamonaviy texnologiyalar, sanoat va global iqtisodiy o‘sishning asosiy qurilish bloklariga aylanmoqda”, — dedi Jon Yovanovich.
U, shuningdek, O‘zbekiston yuqori qo‘shimcha qiymatga ega ishlab chiqarishlarni rivojlantirish va muhim minerallar bo‘yicha global ta’minot zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlash uchun katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Sessiyada Feruza Hamidova tomonidan sohani rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari va strategik ustuvor yo‘nalishlari taqdim etildi. U mamlakatning yuqori resurs salohiyati va qayta ishlash sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.
“Bugungi kunda O‘zbekiston hududining geologik o‘rganilganlik darajasi qariyb 40 foizni tashkil etadi. Mamlakatning mineral-xomashyo bazasi qiymati 3 trillion dollardan ortiq deb baholanmoqda. Hozirda 25 turdagi o‘ta muhim minerallarni qamrab olgan, umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 100 dan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda”, — dedi u.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro hamkorlik uchun ochiq ekani va geologik qidiruv, qayta ishlash hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish sohalarida xorijiy investorlar bilan sheriklikni kengaytirishdan manfaatdorligi qayd etildi.
Sessiya davomida muhim minerallar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning amaliy mexanizmlari, jumladan ma’lumotlar shaffofligini oshirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va xalqaro standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Investitsion va operatsion xatarlarni kamaytirish, shuningdek, tog‘-kon sanoatidagi yirik loyihalarni jadallashtirish uchun sug‘urta hamda qo‘shma moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur muloqot xalqaro investorlar va davlatlar o‘rtasida ishonchli xomashyo ta’minot zanjirlarini shakllantirish yo‘lidagi muhim amaliy platformaga aylandi.









