Toshkentda yirik Xalqaro Investitsiya Forumi birinchi kuni tadbirlarga boy bo'ldi
2026-06-16 21:05:00 / Yangiliklar

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi muvofiqlashtiruvida o‘tkazilayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumining dastlabki kunida bir qator muhim tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli tadbir barcha rekordlarni yangilashga ulgurdi: unda qatnashish uchun dunyoning 100 ta mamlakatidan 8,3 mingdan ortiq delegat ro‘yxatdan o‘tdi. Ishtirokchi kompaniyalarning umumiy aktivlari 42 trillion dollarni tashkil etdi. Bu jahon yalpi ichki mahsulotining (YIM) 38 foiziga teng degani. Poytaxtimizga BlackRock, JPMorgan Chase, Visa, Masdar, Airbus, Meta kabi ko‘plab yetakchi gigantlar rahbarlari tashrif buyurishi tadbir ko‘lamining qay darajada ekanini ko‘rsatib berdi.
Xalqaro investitsiya forumining yubiley mavsumi o‘z tarixida birinchi marta katta tennis bo‘yicha turnir bilan boshlandi. 15-iyun kuni Olimpiya shaharchasidagi kortlarda bo‘lib o‘tgan turnirda mamlakatimiz va xorijning eng yirik kompaniyalari rahbarlaridan iborat 20 nafar ishtirokchi o‘zaro kuch sinashdi. Musobaqada Rothschild & Co, BlackRock, International Hospitals Group, Nordic Star Law Offices va Acwa kabi jahon gigantlari vakillari, shuningdek, yurtimizning yetakchi tuzilmalari - O‘zKTM, Kapital.uz, Clinics.uz, Centil Law Firm hamda “Ipak Yo‘li” bankining top-menejerlari ishtirok etdilar.
16-iyun kungi tadbirlar O‘zbekistonning sanoat va investitsiya salohiyatini namoyish etuvchi ko‘rgazma bilan ochib berildi. Taxminan 6 ming kvadrat metr maydonni egallagan ko‘rgazmada milliy iqtisodiyotning 10 dan ortiq asosiy tarmoqlari, jumladan, neft-kimyo, chakana savdo, mashinasozlik, elektr uskunalari, qurilish materiallari, metallurgiya, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va boshqa ustuvor tarmoqlardagi investitsiya imkoniyatlari va flagman loyihalar namoyish etildi. Ko‘rgazma O‘zbekistonning sanoat salohiyatini namoyish etish, ishbilarmonlik muloqotini rivojlantirish va davlat idoralari, xalqaro investorlar va yetakchi kompaniyalar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashish uchun ixtisoslashtirilgan platformaga aylandi.
O‘zbekiston - Xitoy hamda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) mamlakatlari biznes forumi doirasida xorijiy kapitalni jalb etish, mintaqaviy iqtisodiy integratsiya va qo‘shma yirik loyihalarni moliyalashtirish masalalariga bag‘ishlangan muhim strategik sessiyalar bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli tadbir hududiy iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, xususan, Xitoyning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari bilan uzoq muddatli sheriklik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim axboriy hamda amaliy muloqot maydoniga aylandi.
Sessiya davomida mamlakatimizdagi makroiqtisodiy barqarorlik va izchil islohotlar samarasi qizg‘in muhokama markazida bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi hukumat vakillarining ta’kidlashicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi sezilarli oshib, 147 milliard AQSh dollariga yetgan. Mintaqadagi barqaror iqtisodiy rivojlanish bevosita o‘zaro hamkorlik samaradorligiga bog‘liqligiga to‘xtalgan so‘zga chiquvchilar bugungi kunda O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 5600 dan ziyod qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani hamda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi o‘tgan yili qariyb 18 milliard dollarni tashkil etganini qayd etdi. Rasmiylar joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni bemalol 21 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ulkan salohiyat mavjud ekanligini, buning uchun sarmoyadorlarga barcha soliq va bojxona yengilliklari kafolatlanganini alohida e’tirof qildi.
Ushbu strategik biznes forumi O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarining shunchaki savdo ayirboshlash doirasidan chiqib, yuksak texnologik va chuqur moliyaviy integratsiya bosqichiga qadam qo‘yganini yana bir karra tasdiqladi.
Mamlakatning investitsiya salohiyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan yirik iqtisodiy tadbir – “AQSH - O‘zbekiston biznes-forumi” ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, strategik muhim tarmoqlarda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratildi.
Forum dasturining yana bir muhim qismi sifatida "Muhim foydali qazilmalar va ilg‘or texnologiyalar: kelajak sanoat taraqqiyotining poydevori" mavzusiga bag‘ishlangan maxsus panel muhokamalari tashkil etildi. Sessiya davomida texnologiyalar, moliyaviy xizmatlar, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va aviatsiya sohasidagi global korporatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston bozorida istiqbolli loyihalar, texnologik yechimlarni joriy etish va uzoq muddatli sanoat rivojlanishi masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.
FLSmidth katta vitse-prezidenti Piter Flanagan tog‘-kon sanoati O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi, xalqaro hamkorligi va milliy farovonligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, u mamlakatni modernizatsiya qilish va industrial rivojlantirishning jadal sur’atlari, jumladan, OKMKda MOF-3 mis boyitish majmuasining ishga tushirilishi misolida yangi imkoniyatlar yaratayotganiga va butun dunyodan xalqaro hamkorlarni jalb qilayotganiga urgʻu berdi.
Forum doirasida sanoat, neft-gaz sohasi, moliya, aviatsiya, geologiya-qidiruv, sun’iy yo‘ldosh aloqasi hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishlarida hujjatlar imzolandi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan maqsadida Turkiya - O‘zbekiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 2 mingdan oshiq Turkiya kapitali ishtirokida korxonalar faoliyat yuritmoqda va bu borada Turkiya yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasida katta tajribaga ega ekani alohida qayd etildi. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Turkiya kompaniyalarini bu sohada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga chorladi.
Forum yakunlari bo‘yicha sanoat, tashqi savdo va ishlab chiqarish kabi iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi hamda tegishli hujjatlar imzolandi
O‘zbekiston - Koreya biznes-forumi O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Biznes-forum ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yo‘lida muhim platforma bo‘ldi. Forum yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlari mintaqaviy alyansining (RAIC-CAC) strategik sessiyasida hududiy iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish hamda investitsiya kengashlarini faqatgina milliy muloqot maydonidan mintaqaviy siyosatni muvofiqlashtiruvchi, transchegaraviy loyihalarni ilgari suruvchi amaliy vositaga aylantirish masalalari asosiy muhokama markazida bo‘ldi.
Ushbu strategik sessiya mintaqa davlatlarining o‘zaro shiddatli raqobatdan ko‘ra, kuchlarni birlashtirib, yagona va jozibador iqtisodiy makon barpo etish yo‘lidagi intilishlarini yaqqol namoyon qildi. Investitsiya kengashlari endilikda shunchaki muloqot va maslahatlashuv markazi emas, balki mintaqaviy integratsiya, yirik transchegaraviy loyihalar va barqaror iqtisodiy o‘sishni amalda ta’minlovchi harakatlantiruvchi yirik kuchga aylanmoqda. Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlari mintaqaviy alyansining (RAIC-CAC) ishga tushirilishi, shuningdek, davlatlar o‘rtasida ilgari surilgan amaliy tashabbuslar ushbu hududlarni global sarmoyadorlar uchun yanada ochiq, ishonchli va istiqbolli bozorga aylantirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
«Yangi Ipak yo‘li parvozga shay» mavzusida panel sessiyasida sohaning yetakchi xalqaro ekspertlari, yirik aviakompaniyalar va investitsiya fondlari rahbarlari ishtirok etdilar. Anjumanda qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo noyob tarixiy burilish nuqtasida turibdi. Bu yerda geografik joylashuv, zamon talabi, iqtisodiy faollik hamda geosiyosiy vaziyat o‘zaro birlashib, mintaqa uchun mutlaqo yangi va katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ijobiy ko‘rsatkichlar va iqtisodiy islohotlarning amaliy natijalariga to‘xtalar ekan, forum tashkilotchisi - O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari shuni alohida ta’kidladilarki, bugungi forum nafaqat erishilgan natijalarni sarhisob qilish, balki xalqaro hamkorlar bilan yangi, strategik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun ochiq muloqot maydoni bo‘ldi. Vazirlik vakillari, ayniqsa, aviatsiya va logistika sohalarida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari xalqaro standartlar asosida joriy etilishi xorijiy investorlar uchun ishonchli kafolat bo‘lishini e’tirof etishdi.
“Kreativ sanoatlar va madaniy iqtisodiyot: investitsiya aktivlarining yangi rivojlanayotgan sinfi” mavzusidgi panel muhokamasi ishtirokchilarining diqqat markazida madaniyat va ijodni xususiy kapitalni jalb qilish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qodir bo‘lgan to‘laqonli investitsiya aktiviga aylantirish masalalari bo‘ldi. Ekspertlar davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari, kreativ sohalarni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy o‘sish strategiyalari, shuningdek, O‘zbekistonni mintaqaning yetakchi kreativ, madaniy va innovatsion markaziga aylantirish uchun zarur bo‘lgan tarkibiy islohotlarni muhokama qildilar. Unda ta’kidlanganidek, madaniy meros, zamonaviy ijodiy amaliyotlar va institutsional islohotlarning uyg‘unligi O‘zbekiston uchun investitsiyalarni jalb qilish, hududlarni rivojlantirish hamda barqaror iqtisodiyotni shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi.
“Islomiy moliya va sukuk bozorlari: Fors ko‘rfazi kapitalini rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga yo‘naltirish” mavzusida panel sessiyassida esa xorijiy investorlar, xususan, Fors ko‘rfazi davlatlaridan sarmoya jalb qilish mexanizmlari, mintaqada islom moliyasi infratuzilmasini yaratish va sohaga oid qonunchilikdagi yangiliklar muhokamasiga aylandi. Tadbir yakunida ekspertlar O‘zbekistonda xalqaro me’yorlarga to‘g‘ri keladigan xorijiy sarmoya ishtirokini yanada kengaytirish hamda islom moliyasi sohasidagi qonunchilik bazasini amaliyot bilan muvofiqlashtirish mamlakatning barqaror iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim poydevor bo‘lishini xulosa qildilar. Tahririyat ushbu jarayonlarni yoritishda regulyator va xalqaro moliya institutlari o‘rtasidagi hamkorlik dinamikasini kuzatishda davom etadi.
“Siyosiy xatarlar va aralash moliyalashtirish: rivojlanayotgan (frontier) bozorlarga kapitalni jalb etish” mavzusiga bag‘ishlangan panel sessiyasida xalqaro moliya institutlari hamda xususiy sektorning yetakchi vakillari jam bo‘lib, global kapital oqimini rag‘batlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Muhokamalar xalqaro maydonda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan real bitimlar va boy amaliy tajribalarga asoslangani bilan e’tiborga molik bo‘ldi. Sessiya davomida bildirilgan fikr va takliflar rivojlanayotgan bozorlarga xususiy kapital oqimini kengaytirish, investitsion xatarlarni kamaytirish hamda davlat va xususiy sektor hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha amaliy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qildi.
“Mas’uliyatli biznes yuritish: OECD standartlari va investitsiya jozibadorligi” mavzusida maxsus panel sessiyasi xalqaro moliyaviy integratsiyaning eng muhim mezonlariga bag‘ishlandi. Ushbu uchrashuv O‘zbekiston va mintaqaviy bozorlarda faoliyat yuritayotgan, shuningdek, xalqaro maydonga chiqishni maqsad qilgan investorlar hamda korxonalar uchun strategik ahamiyatga ega yo‘l-yo‘riqlarni belgilab bergan muhim muloqot maydoniga aylandi.
“O‘zbekistonning iqlimga mos aqlli agro-oziq-ovqat investitsiya platformasi — ANORA’ni tashkil etish” mavzusidagi panel sessiyasida davlat organlari, xalqaro moliya institutlari, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar hamda xususiy sektor vakillari ishtirok etib, O‘zbekistonda barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash istiqbollarini muhokama qildilar.
Ishtirokchilar ANORA kelgusida mintaqadagi barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or modellardan biriga aylanishi, fermerlar, tadbirkorlar va investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi hamda yanada yashil va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Mintaqa iqtisodiyoti va ekologiyasi uchun eng dolzarb masalalardan biriga bag‘ishlangan “Suv–energiya–oziq-ovqat uzviyligi: iqlimga chidamlilik va qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar” mavzusida panel sessiyasida tashkillashtirilgan mazkur tadbirda O‘zbekistonda suv va oziq-ovqat xavfsizligi muammolari, barqaror iqtisodiy o‘sish uchun sarmoya jalb qilish va amaliy texnologik yechimlar nufuzli davlat amaldorlari, soha yetakchilari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida keng muhokama qilindi.
Sessiya yakunlariga ko‘ra, suv taqchilligi va oziq-ovqat xavfsizligi muammosi shunchaki ekologik xatar emas, balki butun mintaqa iqtisodiy barqarorligining hal qiluvchi omili ekanligi yakdil e’tirof etildi.
Xorijiy investorlar huquqlarini himoya qilishning eng muhim kafolatlariga qaratilgan “O‘zbekistonda nizolarni jahon darajada hal etuvchi tizimini yaratish” mavzusida maxsus panel sessiyasi Britaniya-O‘zbekiston huquq assotsiatsiyasi (BrULA) va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbir davomida respublikada sarmoyadorlar uchun ishonchli, xolis va shaffof nizolarni hal etish infratuzilmasini shakllantirish jarayonlari qizg‘in muhokama qilindi.
Boston Consulting Group (BCG) tomonidan tashkil etilgan “Yangi iqtisodiy o‘sish poygasining markazida shaharlar” mavzusidagi muhim panel sessiyasida mintaqadagi tezkor urbanizatsiya jarayonlari, yangi iqtisodiy klasterlarning shakllanishi va shaharlar o‘rtasida kapital hamda iste’dodlar uchun raqobatning kuchayishi masalalari chuqur tahlil qilindi.
Mazkur panel sessiyasi O‘zbekiston shaharlarining xalqaro brendini kuchaytirish, qulay urbanistik ekotizim yaratish va hududlarni global iqtisodiyotning ajralmas qismiga aylantirish borasida muhim strategik maydon bo‘lib xizmat qildi.
Xalqaro investisiya forumi doirasida ilk kunining mantiqiy yakuni sifatida “Silk Road Night Run” tungi marafoni tashkil etildi. Tadbirda dunyoning 16 dan ortiq mamlakatidan kelgan 500 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Ularning 200 nafardan ortig‘ini investorlar, biznes vakillari va xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan iborat xorijiy mehmonlar tashkil qildi. Marafon ishtirokchilari uchun 3 va 10 kilometrlik masofalarga yugurish musobaqalari o‘tkazildi.
“Silk Road Night Run” sport tadbiri sifatidagi ahamiyatidan tashqari, ishtirokchilar o‘rtasida jamoaviy ruhni mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va samarali netvorking imkoniyatlarini yaratishga ham xizmat qildi.









