Yangi Ipak yo‘li parvozga tayyor
2026-06-16 17:05:00 / Yangiliklar

Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) doirasida mintaqaning aviatsiya sanoati istiqbollariga bag‘ishlangan «Yangi Ipak yo‘li parvozga shay» mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan muvofiqlashtirilayotgan mazkur tadbirda sohaning yetakchi xalqaro ekspertlari, yirik aviakompaniyalar va investitsiya fondlari rahbarlari ishtirok etdilar:
Suresh Subudhi - Boston Consulting Group (BCG) boshqaruvchi direktori va katta hamkori; Sayohat, shaharlar va infratuzilma bo‘yicha global yetakchi (Moderator)
Alisher Sattarov - “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining transformatsiya, moliya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari
Javlonbek Umarxo‘jayev - “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi
Kazbek Bassiev - “Vision Invest” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, Yangi biznesni rivojlantirish bo‘yicha rahbar va katta vitse-prezident
Bum Ho Kim - “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasining vaqtinchalik prezidenti va bosh ijrochi direktori
Mario Antonio Ebcim - “The Boeing Company” korporatsiyasining Yevrosiyo va Hindiston bo‘yicha tijorat samolyotlari savdosi direktori
Marius Dan - “Templeton Global Investments” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh ijrochi direktori hamda “Franklin Templeton Asset Management Uzbekistan” bosh ijrochi direktori
Manuel Ambriz - “Abrial” kompaniyasi katta maslahatchisi
Omar Turk - “BlackRock” xalqaro investitsiya kompaniyasi direktori
Anjumanda qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo noyob tarixiy burilish nuqtasida turibdi. Bu yerda geografik joylashuv, zamon talabi, iqtisodiy faollik hamda geosiyosiy vaziyat o‘zaro birlashib, mintaqa uchun mutlaqo yangi va katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. So‘nggi yillardagi ijobiy o‘sish sur’atlari buni yaqqol tasdiqlaydi: 2019-yildan beri aviatashuvlar bozorida yo‘lovchilar oqimi ikki barobarga, havo orqali yuk tashish hajmi esa 70 foizga keskin oshgan.
Shu bilan birga, iqtisodiy jozibadorlik ortishi fonida bozordagi raqobat ham misli ko‘rilmagan darajada kuchaygan. Xususan, ushbu qisqa davr mobaynida mintaqa bozoriga xizmat ko‘rsatuvchi aviakompaniyalar soni 15 tadan 44 tagacha (qariyb uch barobar) ko‘paygan. Ushbu shiddatli o‘sish asosan xorijiy aviatashuvchilar sonining 14 tadan 36 tagacha ortishi hisobiga ta’minlangan.
Sessiyada ta’kidlanganidek, O‘zbekiston investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha izchil islohotlarni amalga oshirib, xorijiy investitsiyalar hajmini sezilarli darajada oshirishga erishgan. Xususan, valyuta bozorining liberallashuvi, davlat korxonalarini xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik (PPP) mexanizmlarining joriy etilishi natijasida mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi 2017-yildagi 4 milliard dollardan 2025-yilga kelib (o‘n baravar) 40 milliard dollardan oshgan. Shu bilan birga, aeroportlarni modernizatsiya qilish va ularni xususiy boshqaruvga bosqichma-bosqich jalb etish ishlari davom etmoqda.
“Talab bor va biz uni uzoq muddatli hamda barqaror o‘sishga aylantirishimiz kerak”, - dedi “Uzbekistan Airways” AJ boshqaruv raisining transformatsiya, moliya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Alisher Sattorov. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Janubi-Sharqiy Osiyo, Hindiston va Pokiston kabi istiqbolli bozorlarda yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqmoqda.
Mavzuni davom ettirgan “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev esa aeroportlarning muvaffaqiyati faqat yangi terminallar bilan emas, balki yo‘lovchilar uchun qulay va raqamlashtirilgan ekotizim yaratish bilan ham bog‘liqligini ta’kidladi. Uning fikricha, aynan mijozlar tajribasi aeroportlarning mintaqaviy xab sifatidagi muvaffaqiyatini belgilaydi.
“Vision Invest” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kazbek Bassievning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning demografik va geografik afzalliklari aviatsiya sohasining uzoq muddatli o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Uning qayd etishicha, aholisining 60 foizdan ortig‘i 30 yoshgacha bo‘lgan mamlakatda iqtisodiy o‘sish va iste’mol hajmining ortishi havo qatnovlariga talabni yanada kuchaytiradi. Shuningdek, hozirda Toshkent aeroportidagi tranzit trafik 7 foizdan kam bo‘lsa-da, shaharning Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq chorrahasidagi joylashuvi uni yirik xalqaro xabga aylantirish uchun katta salohiyat yaratadi.
“Dunyo yuklarining atigi 1 foizi havo transporti orqali tashiladi. Biroq aynan shu 1 foiz global yuklarning 35 foizlik qiymatini yaratadi”, - dedi The Boeing Company” korporatsiyasining Yevrosiyo va Hindiston bo‘yicha tijorat samolyotlari savdosi direktori Mario Antonio Ebcim. Yuqoridagi raqamlar havo yuk tashuvlarining strategik ahamiyatini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
“Parij, Venetsiya va Barselona kabi an’anaviy turistik markazlar tobora yuqori yuklama bilan yuzlashmoqda. Shunday sharoitda O‘zbekiston sayyohlar uchun yangi tajribalar va yangi yo‘nalishlarni taklif eta oladigan istiqbolli manzil sifatida namoyon bo‘lmoqda”, — dedi “Abrial” kompaniyasi katta maslahatchisi Manuel Ambriz. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdagi jadal o‘zgarishlar, rivojlanayotgan infratuzilma va Markaziy Osiyoning strategik joylashuvi mintaqaning xalqaro turizm xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlashi mumkin.
Shuningdek, Toshkentni mintaqaviy aviatsiya xabiga aylantirish jarayonida infratuzilma qurilishi bilan bir qatorda qator tizimli masalalarga ham e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash, aviatsiya ekotizimini muvozanatli rivojlantirish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda ta’minot zanjiri bilan bog‘liq muammolarni hal etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Sessiya davomida ishtirokchilar tomonidan milliy aviatsiya sohasining kelgusi taraqqiyot bosqichini belgilab beruvchi to‘rtta asosiy strategik masala ochiq muhokama qilindi. Bular — shiddatli raqobat hamda davlatlararo hamkorlik o‘rtasidagi muvozanatni qanday ta’minlash, Toshkent shahrini mintaqaviy aviatashuvlarni bog‘lovchi yirik markazga (xabga) aylantirish yo‘llari, IPO (birlamchi ommaviy joylashtirish) jarayoni oldidan mahalliy aviakompaniyalar qiymatini qanday qilib oshirish hamda havo yuk tashish salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish mexanizmlaridir.
Ijobiy ko‘rsatkichlar va iqtisodiy islohotlarning amaliy natijalariga to‘xtalar ekan, forum tashkilotchisi - O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari shuni alohida ta’kidladilarki, bugungi forum nafaqat erishilgan natijalarni sarhisob qilish, balki xalqaro hamkorlar bilan yangi, strategik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun ochiq muloqot maydoni bo‘ldi. Vazirlik vakillari, ayniqsa, aviatsiya va logistika sohalarida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari xalqaro standartlar asosida joriy etilishi xorijiy investorlar uchun ishonchli kafolat bo‘lishini e’tirof etishdi.








