Investitsiyalar va resurslarni jalb etishdan ko‘zlangan maqsad - aholi turmush darajasini oshirishdir
2026-01-08 23:00:00 / Yangiliklar

So‘nggi paytlarda turli manbalarda O‘zbekistonning jami tashqi qarzi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lmoqda. 2025-yilning to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich 75,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etgani qayd etilmoqda. Bunday ko‘rsatkichlarning shakllanishi va mablag‘larning yo‘naltirilishi masalasi, tabiiyki, buni doimiy kuzatib bormaydiganlar uchun savollar keltirib chiqaradi.
Investitsiyalar va tashqi moliyalashtirish masalalari doimo qiziqish uyg‘otadi va savollarni keltirib chiqaradi. Bu tabiiy, zero jamiyat jalb etilayotgan resurslar manbai va ular hisobiga mamlakat qanday natijalarga erishayotganini tushunishni xohlaydi.
Bu yerda asosiy tamoyil oddiy: investitsiyalar va resurslarni jalb etishdan ko‘zlangan maqsad - aholining turmush darajasini oshirishdir. Gap balandparvoz hisobotlar yoki raqamlar emas, balki odamlar kundalik hayotida his qiladigan real yaxshilanishlar - ish o‘rinlari, oilalar daromadi, infratuzilma, toza ichimlik suvi, energiya, transport va sifatli ijtimoiy xizmatlar haqida ketmoqda.
Tashqi moliyalashtirishning iqtisodiy mantig‘i ham aniq: iqtisodiyot tezroq o‘sishi uchun resurslar - kapital, texnologiyalar, uskunalar va yangi bozorlar zarur. Agar mamlakat resurslarni jalb etishni to‘xtatsa, o‘sish sekinlashadi: kamroq ish o‘rinlari yaratiladi, yo‘llar va ijtimoiy infratuzilmani yangilash, suv ta’minotini kengaytirish va arzon energiyani ta’minlash qiyinlashadi.
Shu bois O‘zbekiston iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, YaIM o‘sishini ta’minlash va yakuniy natijada aholining hayot sifati hamda umr davomiyligini yaxshilash maqsadida investitsiyalarni izchil ravishda jalb etib kelmoqda. E’tiborga molik jihati shundaki, 2020-yildan buyon umr ko‘rish davomiyligi izchil o‘sib, 2024-yilda 73,4 yoshdan 75,1 yoshga yetdi.
Shu bilan birga, odamlar uchun shiorlar emas, balki ko‘rish va baholash mumkin bo‘lgan, aniq o‘lchanadigan real natijalar muhimdir.
Ko‘rsatkichning tarkibiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2025-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonning jami tashqi qarzi 75,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Shundan 37,4 mlrd dollar davlat tashqi qarziga to‘g‘ri keladi. Qolgan 38 mlrd dollarga yaqini esa davlat kafolatisiz xususiy va davlat korxonalarining qarz majburiyatlari (korporativ qarz) hisoblanadi.
Alohida ta’kidlash lozimki, xalqaro tasnifga ko‘ra O‘zbekistonning davlat qarzi darajasi mo‘tadil va boshqariladigan hisoblanadi. 37,6 mlrd dollar miqdoridagi davlat tashqi qarzi taxminan YaIMning 26 foiziga teng. Bu ko‘rsatkich jahon amaliyotida makroiqtisodiy barqarorlik uchun potensial xavfli deb baholanadigan chegaraviy darajalardan ancha pastdir.
Davlat qarzlari hisobidan amalga oshirilgan ishlar (2017–2025 yillar):
1 564 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi;
470 km temir yo‘l liniyalari elektrlashtirildi;
6 793 km ichimlik suvi tarmoqlari va 664 km oqova suv tarmoqlari qurildi;
96 km issiqlik quvurlari, 1 286 ta individual issiqlik punktlari, 166 ta suv taqsimlash inshootlari va 31 ta oqova suv nasos stansiyasi barpo etildi;
2 737 MVt qo‘shimcha elektr quvvatlari yaratildi, 1 106 km yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tortildi;
qo‘shimcha 2 084 MVt, 16 423 mln kVt·soat elektr energiyasi va 551,8 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Transport va shahar xizmatlarini modernizatsiya qilish:
4 ta Boeing 787-8 samolyoti;
2 ta Talgo-250 yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlari;
30 ta elektrovoz;
metropoliten uchun 70 ta vagon va 29 ta harakat tarkibi;
1 900 ta avtobus;
1 000 ta tez tibbiy yordam avtomobili;
maishiy chiqindilarni yig‘uvchi 541 ta texnika;
13 ta issiqlik qozoni xarid qilindi.
Ta’lim va ijtimoiy soha:
60 ta oliy ta’lim muassasasida 119 ta o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etildi;
6 213 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mebel va o‘quv materiallari, 4940 ofis texnikasi bilan jihozlandi.
Qishloq va suv xo‘jaligi:
1 593,1 km kanallar qayta tiklandi;
3 396 ta gidroinshoot modernizatsiya qilindi;
423 ta tik quduq qurildi;
2,2 ming gektarda zamonaviy issiqxonalar va 12,6 ming gektarda intensiv bog‘lar barpo etildi;
sig‘imi 334,9 ming tonna bo‘lgan muzlatgich omborlari qurildi;
258,2 ming tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega korxonalari ishga tushirildi;
parrandachilikda 12,3 mln bosh, qo‘ychilikda 5 752 bosh va chorvachilikda 26,3 ming boshga mo‘ljallangan xo‘jaliklar, shuningdek, 90,2 mln dona tikuvchilik va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi.
Bu ma’lumotlar shu paytgacha loyihalarni amalga oshirish uchun o‘zlashtirilgan qarz mablag‘lariga taalluqlidir. Infratuzilma va ijtimoiy sohani modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘plab loyihalar hozir ham davom etmoqda va ishlar yakunlangani sari qo‘shimcha samaralar beradi.
Umuman olganda, 2017–2025 yillarda amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida 2 milliondan ortiq ish o‘rinlari yaratildi, eksport hajmi 270 foizga oshdi, jon boshiga YaIM esa 418 foizga ko‘paydi.
Biroq eng muhim jihat shundaki, resurslarni jalb etish faqat qat’iy qoidalar, shaffoflik va samarali nazorat asosida amalga oshirilishi lozim. Davlat rahbari o‘z Murojaatida alohida ta’kidlaganidek, parlament deputatlari loyihalarning butun hayotiy siklini - tanlov va konkurslardan tortib, ularni amalga oshirish hamda yakuniy natijalargacha - kuzatib boradi. Loyihalarning holati, bosqichlari va jarayonlari real vaqt rejimida e’lon qilib boriladi, bu esa tanlov va tenderlar qanday o‘tayotgani hamda majburiyatlar qanday bajarilayotganini aniq ko‘rish imkonini beradi.
O‘zbekistonning investitsiyalarga yondashuvi nihoyatda aniq: mamlakatning o‘sishi uchun resurslar zarur, shu bilan birga aholi manfaatlariga xizmat qiladigan qat’iy nazorat, shaffoflik va o‘lchanadigan natijalar ta’minlanishi lozim. Barcha jarayonlar aynan shu tamoyillar asosida - ochiq, bosqichma-bosqich va aniq mas’uliyat doirasida olib borilmoqda.
