Agentlik nizomi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Agentlik tashqi mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi, davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
3. Agentlik respublika milliy manfaatlarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish va ularni xorijga tashkillashtirilgan holda yuborish tartibi to‘g‘risidagi xalqaro huquq normalari va qoidalariga asoslangan faoliyatni amalga oshiradi.
4. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, farmoyishlari va qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
5. Agentlik bevosita Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va faoliyati yuzasidan hisobot beradi.
6. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, shtamp hamda o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan ramzlarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
7. Agentlikning vakolatxonalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, o‘z nomi yozilgan shtamplar, blanklarga ega bo‘ladi.
8. Agentlik Toshkent shahrining Qamarniso ko‘chasidagi 1-uyda joylashgan. Pochta indeksi: 100179.
9. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi;
qisqartmasi — Migratsiya agentligi;
b) ingliz tilida:
to‘liq — Migration Agency under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan;
qisqartmasi — Migration Agency;
v) rus tilida:
to‘liq — Agentstvo migratsii pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan;
qisqartmasi — Agentstvo migratsii.
2-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini kompleks tartibga solish, fuqarolarni xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborish ishlarini nazorat qilish hamda ushbu fuqarolarning hisobini yuritish;
xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalash, ular tomonidan litsenziya talablari va shart-sharoitlariga rioya etilishini nazorat qilish;
migratsiya sohasida xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish va ularning mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha chet davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish;
xorijiy ish beruvchilarning talablaridan kelib chiqib, fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish ishlarini tashkil qilish, rivojlangan davlatlarda tan olinadigan malakani baholash va sertifikatlash tizimlarini joriy qilish;
chet elda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish vaqtida huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy va boshqa qiyin ahvolda qolgan fuqarolarni qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, ularni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarishga ko‘maklashish;
O‘zbekistonning xorijdagi va xorijiy davlatlarning respublikamizdagi diplomatik muassasalari bilan doimiy hamkorlik qilish, o‘zbek diasporalari va vatandoshlar bilan aloqalarni kengaytirish.
11. Agentlik o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini kompleks tartibga solish, fuqarolarni xorijga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborish ishlarini nazorat qilish hamda ushbu fuqarolarning hisobini yuritish sohasida:
tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga yuborish maqsadida xorijiy mamlakatlarning mehnat bozorini o‘rganadi, xorijiy ish beruvchilarni topadi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkillashtirilgan holda tanlash to‘g‘risida xorijiy ish beruvchilar va xususiy agentliklar bilan shartnomalar tuzadi hamda ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
xorijda ishlash istagi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ish beruvchilar tomonidan tanlab olish jarayonlari tashkil etilishini nazorat qiladi va sayyor qabullar, uchrashuvlar hamda davra suhbatlarida ishtirok etadi;
dastlabki moslashtirish tadbirlari o‘tkazilishini nazorat qiladi;
tashqi mehnat migratsiyasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va ishlab chiqishda qatnashadi;
tashqi mehnat migratsiya sohasida xalqaro shartnomalar loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashadi;
huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va umumlashtirish, ilg‘or xorijiy va milliy tajribani Agentlik faoliyatiga joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
mehnat migratsiyasi sohasidagi muammolarni o‘rganadi, ushbu sohani takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqadi, qonunchilikdagi bo‘shliq va kamchiliklarni aniqlab, uni bartaraf qilish choralarini ko‘radi;
o‘z vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan holda ishga joylashtirish sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlari bilan muzokaralar olib boradi, xalqaro, davlatlararo va idoralararo shartnomalar, bitimlar va bayonnomalar loyihalarini tayyorlaydi;
o‘quv kurslari tashkil etiladigan kasbiy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash jarayonlarini muvofiqlashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq, shu jumladan, “ishchi viza”ga oid hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha bepul konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi;
xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirishdagi muammolarni hal qilish bo‘yicha fuqarolarning va ish beruvchilarning fikrlari, takliflari va qonuniy talablarini o‘rganadi hamda tahlil qiladi va shu asosda ularni hal qilishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar yuzasidan takliflar ishlab chiqilishini ta’minlaydi;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirishda ishtirok etadi, shuningdek, xorijiy ish beruvchilar reyestrini yuritadi;
vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketish istagida bo‘lgan va chet tillariga o‘qitilgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Agentlikning hududiy filiallari tomonidan tegishli tartibda manzilli ro‘yxatlarni shakllantirishi va “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasiga kiritilishini nazorat qiladi;
b) xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalash, ular tomonidan litsenziya talablari va shart-sharoitlariga rioya etilishini nazorat qilish sohasida:
xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalash uchun talabgorlarning murojaatlarini qabul qiladi va ko‘rib chiqadi;
xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatini amalga oshirishga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi, cheklanmagan muddatga beriladigan elektron hujjatni (keyingi — o‘rinlarda litsenziya) beradi yoki berishni rad etadi;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtiradi;
litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatib turadi, qayta tiklaydi;
litsenziyalarni bekor qiladi yoki litsenziyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi;
litsenziyalarni o‘zgartiradi;
litsenziyalar reyestrini yuritadi;
O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq xususiy bandlik agentliklari tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qiladi;
litsenziyaga ega bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ish bilan ta’minlashni targ‘ib qilish yoki ish bilan ta’minlash holatlarini tekshiradi;
xususiy bandlik agentliklari va xorijiy ish beruvchilar reyestrlarini yuritishini tashkil etadi;
xorijiy ish beruvchilar va (yoki) rekruting agentliklaridan jalb qilingan ish o‘rinlarini litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida taqsimlaydi;
v) migratsiya sohasida xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarni xorijda vaqtincha ishga joylashtirish va ularning mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha chet davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qilish sohasida:
fuqarolarni xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda ishga joylashtirish, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini ishlab chiqadi va ularni amalga oshirishda ishtirok etadi hamda ushbu yo‘nalishda chet davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlik qiladi;
mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan muzokaralar olib boradi, hamkorlik kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqadi va imzolanishini ta’minlaydi;
xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarga xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini amalga oshirishda qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida salohiyatli xorijiy davlat ish beruvchilarini izlab topadi va ular bilan hamkorlik qilish uchun muzokaralar olib boradi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda ishga joylashtirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan hamkorligi to‘g‘risidagi shartnomalar, bitimlar, bayonnomalar va boshqa hujjatlardan kelib chiqadigan tegishli qarorlar va majburiyatlarning xorijiy hamkorlar va ish beruvchilar tomonidan bajarilishini muvofiqlashtiradi;
g) xorijiy ish beruvchilarning talablaridan kelib chiqib fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish ishlarini tashkil qilish, rivojlangan davlatlarda tan olinadigan malakani baholash va sertifikatlash tizimlarini joriy qilish sohasida:
vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ketishdan oldin moslashtirish, o‘qitish, qayta o‘qitish va malaka oshirish markazlari, til o‘rgatish markazlari faoliyatini, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etadi va boshqaradi;
vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini kasbiy ta’lim tashkilotlari va kasb-hunar markazlari yoki nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasbga o‘qitadi, ketishdan oldin moslashtiradi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi, ularga chet tillarini, xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarishda mehnatni himoya qilish qoidalarini o‘rgatadi;
xorijiy hamkorlar tomonidan tashkil etilgan o‘quv markazlardagi o‘quv kurslarida o‘qiyotgan va kurslarni yakunlagan fuqarolar elektron bazasini shakllantiradi;
rivojlangan davlatlarda tan olinadigan malakani baholash va sertifikatlash tizimlarini joriy qilish yuzasidan xorijiy davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkazadi;
malakani baholash va sertifikatlash tashkilotlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga jalb qilish choralarini ko‘radi va belgilangan tartibda ularning faoliyatini rasmiylashtirishda ko‘maklashadi;
d) chet elda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish vaqtida huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy va boshqa qiyin ahvolda qolgan fuqarolarni qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, ularni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarishga ko‘maklashish sohasida:
O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek, Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari va vakillari orqali xorijda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat faoliyatining monitoringini yuritadi;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish vaqtida tazyiqqa uchragan, majburiy mehnatga majbur qilingan va tahqirlangan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda qolgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag‘siz qolgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy himoya qiladi, shuningdek, ularni Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasiga qaytarishga ko‘maklashadi;
j) O‘zbekistonning xorijdagi va xorijiy davlatlarning respublikamizdagi diplomatik muassasalari bilan doimiy hamkorlik qilish, o‘zbek diasporalari va vatandoshlar bilan aloqalarni kengaytirish sohasida:
salohiyatli xorijiy ish beruvchilar bilan yaqin aloqalar o‘rnatish, ularning O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan munosabati va tasavvurini yaxshilash choralarini ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, migratsiya sohasidagi mexanizmlarni takomillashtirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan migrantlarga yuridik, psixologik, moddiy va boshqa yordam ko‘rsatishga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshiradi;
xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning mehnat va maishiy sharoitlarini yaxshilaydi;
xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar zich yashaydigan hududlarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etadi.
Agentlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
12. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ketishdan oldin tayyorlash, chet tiliga o‘qitish va imtihonga tayyorlashga ixtisoslashgan markazlarni tashkil etish;
Migratsiya bo‘yicha respublika komissiyasiga Agentlikning xorijdagi vakolatxonalarini tashkil etish va tugatish, Agentlik vakillari uchun shtat birliklarini ochish va qisqartirish yuzasidan takliflar kiritish;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini kasbiy ta’lim tashkilotlari, kasb-hunar markazlari yoki nodavlat ta’lim tashkilotlarida chet tillariga o‘qitish va kasb-hunarga o‘rgatish hamda o‘quv dasturi yakunlari bo‘yicha imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlarga davlat namunasidagi hujjat berishga tavsiya etish;
tuzilgan shartnomalarga muvofiq xorijda ishlash uchun kadrlarni tanlab olish, ularning chet tillarni bilishini va kasbga loyiqligini tekshirish, shuningdek, ishga joylashadigan mamlakatning asosiy qonunlarini tushuntirish;
xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan bitimlarni (shartnomalarni) hisobga olgan holda, dastlabki saralashdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan ularni xorijda ishga joylashtirishda xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
xorijiy hamkorlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarga muvofiq xorijga ishga yuboriladigan nomzodlar haqida axborot olish uchun vakolatli organlarga murojaat qilish;
Migratsiya bo‘yicha respublika komissiyasi bilan kelishgan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududida va xorijda mehnat migratsiyasiga oid tadbirlar o‘tkazish, ular doirasida mehmonlarni kutib olish, kuzatish, ovqatlanish, transport, sovg‘alar va xalqaro hamkorlik doirasidagi masalalariga taalluqli boshqa tadbirlar xarajatlarini o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish;
xorijiy ishchi kuchini yollovchi yoki bunga ko‘maklashuvchi xorijiy tashkilotlar bilan o‘z vakolati doirasida bevosita o‘zaro hamkorlik qilish;
Agentlikka yuklangan vazifalarni bajarish doirasida Agentlikning o‘z mablag‘lari hisobidan vazirlik va idoralarning mutaxassislarini, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarni, shu jumladan, shartnomaviy-huquqiy asosda jalb qilish;
Agentlikning xorijdagi vakillarini cheklangan shtatlari soni doirasida boshqa hududlarga biriktirish yoki tugatish;
vakolatiga kiradigan masalalar hamda unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlar, buyruqlar, ko‘rsatmalar qabul qilish, zarur bo‘lganda boshqa davlat tashkilotlari bilan birgalikda tegishli qarorlar qabul qilish;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda vakolatiga kiradigan masalalarda davlat organlari va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalarda belgilangan tartibda sudlarga arizalar va da’volar kiritish;
agar qonunchilik hujjatlarida belgilangan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish va jarimalar solish;
qonunchilikda belgilangan tartibda budjetdan tashqari jamg‘armalarga ega bo‘lish;
bo‘sh turgan mablag‘larni banklar depozit hisobraqamlariga joylashtirish;
Agentlik nomidan belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
davlat organlari va manfaatdor shaxslardan o‘z vakolati doirasida zarur axborotlarni so‘rash va olish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
13. Agentlik:
o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni samarali bajarishi;
o‘zi qabul qilgan qarorlar hamda buyruqlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarishi;
faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlar, chora-tadbirlar rejasi, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar ijrosini samarali tashkil etishi va bajarishi;
balansidagi mulklar, shu jumladan, ko‘chmas mulklardan maqsadli foydalanishga qat’iy rioya etish;
o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalar doirasida fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi shart.
Agentlikka qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
14. Agentlik o‘z majburiyatlari bo‘yicha ixtiyoridagi mablag‘lar bilan javob beradi. Bu mablag‘lar yetarli bo‘lmasa, muassis davlat muassasasining majburiyatlari yuzasidan subsidiar javobgar bo‘ladi.
Agentlik muassisning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
15. Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xamda boshqa tashkilotlar, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
16. Agentlik hududiy filiallari, xorijdagi vakolatxona va vakillari majburiyatlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradi.
17. Agentlik davlat aktivlarini, shu jumladan, ularning tovar-moddiy boyliklari va boshqa mol-mulklarining but saqlanishi bo‘yicha moddiy javobgar hisoblanadi.
4-bob. Agentlik mol-mulki va moliya-xo‘jalik faoliyati
18. Kuyidagilar Agentlikning mulki hisoblanadi:
muassis tomonidan Agentlikka operativ boshqaruv huquqi bilan biriktirilgan hamda qonunchilik hujjatlariga asosan vujudga kelgan mulk;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hamda o‘z mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantirilgan mulklar.
Agentlikning daromad keltiruvchi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi mavjud. Agentlikning bu daromad hisobidan sotib olingan mol-mulki Agentlikning mustaqil tasarrufiga o‘tadi va alohida balansda hisobga olinadi.
19. Agentlikning mulki Agentlik xodimlari o‘rtasida taqsimlanishi mumkin emas.
20. Agentlikning mulki quyidagi hollarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda muassis bilan kelishgan holda tasarruf etiladi:
asosiy vositalarni sotish, hisobdan chiqarish (binolari va inshootlari, shu jumladan, qurilishi tugallanmagan binolari va inshootlaridan tashqari);
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy bo‘linmalari, qurilish sohasidagi loyihalashtirish tashkilotlari, maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan tashkilotlar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining xulosasiga muvofiq yaroqsiz deb topilgan hamda vakolatli organlar tomonidan buzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan ko‘chmas mulk obyektlarini buzish;
avtotransport vositalarini xarid qilish, bino va inshootlarni sotib olish va/yoki qurish;
mulkni Agentlik faoliyati maqsadlariga muvofiq bo‘lmagan boshqacha tarzda tasarruf etish.
21. Agentlik daromad keltiradigan quyidagi xizmatlarni ko‘rsatadi:
vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga avia, temir yo‘l va avtotransport chiptalarini xarid qilishda va boshqa transport-logistika masalalarini hal qilishda ko‘maklashish;
xorijda ishga joylashish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashish;
jismoniy va yuridik shaxslar talabnomalari bo‘yicha ish jarayoniga jalb etilmagan Agentlik transport vositalarini jalb qilish orqali transport xizmatlarini ko‘rsatish;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va chet el fuqarolarini mehmonxonalarga joylashtirish bo‘yicha shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xizmatlar.
22. Daromad Agentlik moliya-xo‘jalik faoliyatining asosiy umumlashtiruvchi ko‘rsatkichi hisoblanadi.
23. Quyidagilar Agentlikning moliyaviy resurslarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
daromad keltiradigan faoliyat bilan shug‘ullanishdan tushgan foyda (daromad);
chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar uchun yig‘imlarning bir qismi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga joylashtirish, kasbga tayyorlash, ketishdan oldin moslashtirish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ularga chet tillarini, texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlardan olingan mablag‘lar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
24. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega.
25. Xo‘jalik faoliyatidan tushgan valyuta tushumi Agentlikning valyuta hisobraqamiga o‘tkaziladi va undan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalaniladi.
26. Agentlik o‘z faoliyatining operativ va buxgalteriya hisobini, shuningdek, statistika hisobotini yuritadi.
27. Agentlik markaziy apparati va hududiy filiallari faoliyati Agentlikning daromad keltiradigan faoliyatidan tushgan mablag‘lar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi va moddiy-texnik ta’minlanadi.
Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari va vakillari faoliyati Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
28. Agentlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa to‘lovlardan iborat.
5-bob. Agentlikka rahbarlik qilish
29. Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Agentlik direktori maqomi, tibbiy va maishiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha vazirga tenglashtiriladi.
30. Agentlik direktori quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Agentlikka umumiy rahbarlik qiladi, uning joriy faoliyatini tashkil etadi va o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar bajarilishi uchun javob beradi;
davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy davlatlarning davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarda Agentlik nomidan ish yuritadi;
Agentlik va Migratsiya jamg‘armasi faoliyatini, shu jumladan pul mablag‘larini sarflash samaradorligi va natijadorligini nazorat qiladi;
Agentlikning shtatlar jadvali, biznes rejasi va smetalarini tasdiqlaydi;
Agentlik, uning hududiy filiallari va xorijdagi vakolatxonalari tuzilmasini tasdiqlaydi, xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi, shuningdek, belgilangan tartibda ularni rag‘batlantiradi;
Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari hamda indikatorlarini tasdiqlaydi;
kadrlarning qayta tayyorlanishini va malakasi oshirilishini tashkil etadi;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqadi, shuningdek, Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qonunchilik hujjatlari buzilishini bartaraf etish yuzasidan zarur xatti-harakatlarni amalga oshiradi;
Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari, uning hududiy filiallari va xorijdagi vakolatxonalari boshliqlari va xodimlari hamda mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashelar faoliyati samaradorligini baholash tartibini tasdiqlaydi.
Agentlikka yuklangan vazifalarga muvofiq boshqa funksiyalarni bajaradi.
31. Agentlik direktori quyidagi huquqlarga ega:
Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish;
Agentlik xodimlari bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish;
Agentlik xodimlari bajarishi shart bo‘lgan buyruqlarni qabul qilish hamda ko‘rsatmalar berish;
Agentlik nomidan ishonchnomasiz faoliyat ko‘rsatish;
Agentlikka yuklangan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari, ilmiy-ta’lim muassasalarining yuqori malakali mutaxassislarini, shu jumladan, xorijiy mutaxassis va ekspertlarni shartnoma asosida jalb etish;
Agentlikning markaziy apparati, hududiy filiallari, xorijdagi vakolatxonalari tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy shtatlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
mehnatga haq to‘lash fondidan tejab qolingan mablag‘larni Agentlik, uning hududiy filiallari va xorijdagi vakolatxonalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirish;
Agentlik direktori qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
32. Agentlik direktori:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Agentlikka yuklangan vazifa va funksiyalar bajarilishini tashkil etishi;
Agentlik oldiga qo‘yilgan vazifalarning bajarilishini tashkil etishi va nazorat qilishi;
davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar bilan ishlashda qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya qilishi;
o‘z faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlari, davriy ish rejalari va faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari hamda mezonlariga so‘zsiz erishilishini ta’minlashi;
faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlar, chora-tadbirlar rejasi, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarni samarali amalga oshirishi;
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishi shart.
Agentlik direktori qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
33. Agentlik direktori Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ikki nafar o‘rinbosarga ega.
Agentlik direktori o‘rinbosarlari maqomi, tibbiy va maishiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlarining xorijiy davlatlarga xizmat safarlari Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan amalga oshiriladi.
6-bob. Hisobdorlik
34. Agentlik qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda har yili hisobot davri tugagach, Vazirlar Mahkamasiga davlat muassasasi faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
Agentlik Vazirlar Mahkamasi va Migratsiya bo‘yicha respublika komissiyasiga bevosita hisobdor bo‘ladi.
35. Agentlikda qonunchilikda belgilangan tartibda tashqi audit o‘tkaziladi.
36. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli organlar Agentlik direktori zimmasiga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi yuzasidan ularning faoliyati ustidan muntazam monitoring yuritadi, monitoring natijalariga ko‘ra davlat muassasasi faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.
37. Hujjatlarning saqlanishi va belgilangan tartibda saqlashga berilishi uchun Agentlik direktori shaxsan javobgar hisoblanadi.
38. Agentlikda belgilangan tartibda tashkil etiladigan Jamoatchilik kengashi faoliyat yuritadi.
7-bob. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari hamda ko‘rsatkichlari
39. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam ravishda baholab boriladi.
Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
40. Agentlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari, uning hududiy filiallari va xorijdagi vakolatxonalari boshliqlari va xodimlari hamda mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashelar faoliyati samaradorligi Agentligi direktori tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari asosida baholanadi.
41. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligi baholash yakunlari bo‘yicha:
Agentlik rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlik choralari;
Agentlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish choralari ko‘riladi.
8-bob. Agentlik xodimlarini moddiy-texnik ta’minlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlari
42. Mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi, budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar Agentlik xodimlariga ish haqi to‘lash hamda ularni moddiy rag‘batlantirish manbalari hisoblanadi.
43. Agentlik xodimlarini, jumladan vakolatxona (vakillik) xodimlarini mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, Agentlik rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi.
9-bob. Yakunlovchi qoida
44. Agentlik qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
