Xorijda ishlash uchun ko‘niktirish kurslari: ahamiyati va dunyo tajribasi

Chet elda ishlash istagi — inson hayotidagi katta o‘zgarish bo‘lib, yangicha muhit, til, madaniyat va qonunlarga moslashuvni talab qiladi. Shu bois, xorijda muvaffaqiyatli ishlash uchun oldindan tayyorgarlik muhim.
Boshqa mamlakatda nafaqat mutaxassis, balki jamiyatning faol va integratsiyalashgan a’zosi sifatida ham muvaffaqiyat qozonish lozim.
🌐 Dunyodagi amaliyotlar
Janubiy Koreya, Germaniya, Kanada, Yaponiya va Singapur kabi davlatlarda xorijiy kadrlar uchun tashkil qilingan tayyorlov kurslari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
▪️ Mehnat qonunchiligi va xavfsizlik
▪️ Til va madaniy moslashuv
▪️ Ruhiy, jismoniy va moliyaviy tayyorgarlik
Bu kurslar samarali ishchi kuchini shakllantirishga yordam beradi va ish beruvchilar uchun ishonchli kadrlar tayyorlaydi. Ketish oldi tayyorgarlik yuqori darajada tashkil qilingan mamlakatlardan ishchi kuchi ko‘proq talab qilinadi hamda ularning salohiyati to‘g‘ri yo‘naltiriladi.
📚 Migratsiya agentligi tomonidan Toshkent shahri, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida ko‘niktirish va moslashtirish tadbirlari uchun zamonaviy o‘quv markazlari tashkil etilgan.
🎥 Lavhada Samarqanddagi Koreyaga ketish oldi tayyorgarlik kursi faoliyati bilan tanishasiz.
Xorijda ishlash istagidagi fuqarolar uchun xorijga ketishdan oldin ko‘niktirish va moslashtirish qisqa muddatli kurslari haqida
Xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida ketayotgan O‘zbekiston fuqarolarini tayyorlash, ularning sog‘lig‘i, huquqiy ongi, ijtimoiy-psixologik barqarorligi hamda xorijiy muhitga moslashuvini ta’minlash maqsadida ko‘niktirish va moslashtirishga qaratilgan qisqa muddatli o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan.
Tanlovdan o‘tgan fuqarolar tashkiliy tarzda kompleks tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rik jarayonlari foto va video materiallar orqali hujjatlashtiriladi. Sog‘lom deb topilgan nomzodlar xorijga ketishdan oldingi ko‘niktirish va moslashtirish jarayonlariga jalb etiladi.
Mazkur jarayon doirasida fuqarolar quyidagi umumiy (barcha davlatlar uchun tatbiq etiladigan) yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil oladi:
- Qabul qiluvchi davlat madaniyati, etikasi va davlat tili asoslari
(davlat va mehnat bozori xususiyatidan kelib chiqib) – 42 soat;
- Xorijiy muhitda ijtimoiy-madaniy moslashuvning psixologik xususiyatlari – 2 soat;
- Mehnat migrantlari orasida diniy ekstremizm va noqonuniy missionerlik holatlarining oldini olish – 2 soat;
- Tanosil kasalliklari hamda OIV-infeksiyasi tarqalishining oldini olish – 2 soat;
- Texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalari – 2 soat;
- Qabul qiluvchi davlatning mehnat va migratsiya qonunchiligi asoslari – 2 soat.
O‘quv kurslari mazmuni:
Qabul qiluvchi davlat madaniyati, etikasi va davlat tili kursi
Belgilangan o‘quv dasturlari va tasdiqlangan darsliklar asosida olib boriladi. Kurs nazariy va amaliy mashg‘ulotlardan iborat bo‘lib, kundalik muloqot, ish jarayonidagi nutq, muomala madaniyati va mehnat intizomiga oid ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltiriladi.
Xorijiy davlatda ijtimoiy-madaniy moslashuvning psixologik xususiyatlari kursi
Malakali psixologlar tomonidan amaliy mashg‘ulotlar shaklida o‘tkaziladi. Psixologik testlar orqali nomzodlarda xorijda bo‘lish bilan bog‘liq mavjud muammolar (qo‘rquv, stress, ikkilanish, agressiya holatlari) aniqlanib, ularni bartaraf etish usullari o‘rgatiladi.
Mehnat migrantlari orasida diniy ekstremizm va missionerlik holatlarining oldini olish kursi
Vakolatli davlat organlari va mutaxassislar ishtirokida o‘tkaziladi. Ushbu mashg‘ulotlarda diniy ekstremistik va radikal g‘oyalarning oldini olish, noqonuniy diniy guruhlar ta’siriga tushib qolmaslik, rasmiy va ishonchli axborot manbalaridan foydalanish bo‘yicha tushunchalar beriladi.
Tanosil kasalliklari va OIV-infeksiyasi tarqalishining oldini olish kursi
OIV-infeksiya, OITS hamda boshqa yuqumli tanosil kasalliklari, ularning turlari, yuqish yo‘llari va oldini olish choralariga oid tibbiy-ma’rifiy ma’lumotlar beriladi.
Texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalari kursi
Ish joyida texnika xavfsizligiga rioya qilish, mehnat muhofazasi talablari, ishchi va ish beruvchining huquq hamda majburiyatlari, ishlab chiqarish intizomi masalalari yoritiladi.
Qabul qiluvchi davlat qonunchiligi asoslari kursi
Qabul qiluvchi mamlakatning mehnat, migratsiya va ma’muriy-jinoiy qonunchiligi, shartnoma munosabatlari, javobgarlik choralari, ijtimoiy tartib-qoidalar hamda yurish-turish normalari bilan tanishtiriladi.
Barcha o‘quv kurslari o‘z yo‘nalishida yetarli tajribaga ega bo‘lgan malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi.
Mazkur ko‘niktirish va moslashtirish kurslarining joriy etilishi xorijga ketayotgan fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy xabardorligini oshirish, ularning xavfsiz va qonuniy mehnat faoliyatini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Statistik ko'rsatkichlar:
2025-yil yanvar–noyabr oylarida Migratsiya agentligi tomonidan chet elga ketishdan oldin ko‘niktirish kurslari davlatlar kesimida amalga oshirilgan.
Xususan, mazkur davrda Koreya Respublikasi (E-9 viza) yo‘nalishi bo‘yicha 1 178 nafar, Rossiya Federatsiyasi bo‘yicha 4 179 nafar, Yaponiya bo‘yicha 29 nafar, Turkiya bo‘yicha 7 nafar, Germaniya bo‘yicha 115 nafar, Buyuk Britaniya bo‘yicha 344 nafar fuqarolar ko‘niktirish kurslarida ishtirok etgan.
Shuningdek, Latviya yo‘nalishi bo‘yicha 3 nafar, Bolgariya bo‘yicha 2 nafar, Polsha bo‘yicha 1 nafar, Belorussiya bo‘yicha 86 nafar, Xorvatiya bo‘yicha 1 nafar, Slovakiya bo‘yicha 101 nafar, Chernogoriya bo‘yicha 16 nafar, Estoniya bo‘yicha 4 nafar hamda Italiya bo‘yicha 5 nafar fuqaro ushbu kurslarga jalb etilgan.
Umuman olganda, 2025-yil yanvar–noyabr oylarida jami 6 071 nafar fuqaro Migratsiya agentligi tomonidan tashkil etilgan ketishdan oldingi ko‘niktirish kurslaridan o‘tkazilgan.
