Xususiy bandlik agentliklarining 2026 yil III chorakdagi reyting natijalari tasdiqlandi
2026-10-21 17:00:00 / Yangiliklar

Migratsiya agentligi direktorining 2025 yil 19 avgustdagi 116-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, xususiy bandlik agentliklari faoliyati har chorakda belgilangan indikatorlar asosida baholanadi.
Mazkur tizim sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, agentliklar faoliyati samaradorligini baholash hamda ularning ish natijalari haqida jamoatchilikka xolis ma’lumot taqdim etishga qaratilgan.
2026 yil 20 oktabrdagi reytingni baholash komissiyasining 3-sonli bayonnomasiga muvofiq, jami 47 ta xususiy bandlik agentligining III chorakdagi reyting ballari tasdiqlandi.
Reyting qanday mezonlar asosida shakllantirildi?
Baholash Migratsiya agentligi direktorining 116-sonli buyrug‘iga 3-ilova bilan tasdiqlangan 11 ta indikator asosida amalga oshiriladi.
Jumladan, quyidagi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi:
Viza talab qilinadigan va talab qilinmaydigan davlatlarda fuqarolarni ishga joylashtirish natijalari hamda tegishli ma’lumotlarni «Xorijda ish» platformasiga kiritish;
Fuqarolar bilan tuzilgan xizmat ko‘rsatish shartnomalarini elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tkazish;
Xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan shartnomalarni elektron tizimda qayd etish;
Fuqarolarni xorijga ketishdan oldin boriladigan davlat qonunchiligi va u yerda bo‘lish qoidalari bo‘yicha tayyorlash;
Migratsiya agentligi tomonidan so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etish;
Rasmiy veb-sayt mavjudligi va unda tegishli ma’lumotlarning joylashtirilishi;
Fuqarolarning norozilik murojaatlari va belgilangan talablarga rioya etilishi.
Baholash tartibida ijobiy ko‘rsatkichlar uchun ball berish bilan bir qatorda, ayrim talablarga rioya etilmagan holatlarda ballarni kamaytirish ham nazarda tutilgan.
Xususan, fuqarolar bilan tuzilgan shartnomalarni elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tkazmaslik, faoliyatga oid o‘zgarishlar haqida o‘z vaqtida xabar bermaslik, fuqarolarni jo‘nashdan oldin belgilangan tartibda tayyorlamaslik va norozilik murojaatlari baholash natijalariga ta’sir qiladi.
Reyting toifalari
Tasdiqlangan nizomga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklari faoliyati to‘rt toifada baholanadi:
|
To‘plangan ball |
Reyting toifasi |
|
90–100 ball |
Namunali |
|
70–89 ball |
Yaxshi |
|
50–69 ball |
Qoniqarli |
|
49 va undan past |
Qoniqarsiz |
2026 yil III chorak natijalariga ko‘ra, 3 ta agentlik «Yaxshi», 4 tasi «Qoniqarli», 40 tasi «Qoniqarsiz» toifasiga kirgan. «Namunali» toifasida agentlik qayd etilmagan.
Reyting natijalari nima uchun e’lon qilinmoqda?
Reyting baholash natijalarining ochiq e’lon qilinishi fuqarolarga xususiy bandlik agentliklari faoliyati to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot olish, agentliklarga esa o‘z faoliyatini belgilangan mezonlar asosida tahlil qilish imkonini beradi.
Baholash natijalari muayyan hisobot davridagi faoliyat ko‘rsatkichlarini aks ettiradi. Reyting toifasi agentlikning litsenziya maqomi, xizmatlar sifatiga berilgan kafolat yoki muayyan tashkilotni tanlash bo‘yicha tavsiya hisoblanmaydi.
Nizomga muvofiq, baholash natijalarining haqqoniyligi yoki asosliligi yuzasidan shubha tug‘diruvchi holatlar aniqlansa, ular maxsus komissiya tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Migratsiya agentligi xususiy bandlik agentliklari faoliyatini belgilangan mezonlar asosida baholash va reyting natijalarini har chorakda e’lon qilish amaliyotini davom ettiradi.
2026 yil III chorakda baholangan 47 ta xususiy bandlik agentligining to‘liq reyting natijalari quyidagi jadvalda taqdim etiladi.

