21 oktabr - O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun.
2026-10-21 09:00:00 / Bayramlar

1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi xalqimiz hayotida buyuk tarixiy voqea va O‘zbekistonning mustaqillik sari qo‘ygan ilk tamal toshi bo‘ldi.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning tarixiy o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning uzviy davomi sifatida 2020-yil 10-aprel kuni Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni imzolandi.
Unga muvofiq 21-oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Bu bilan davlat ramzlaridan biri sanalgan ma’naviy qadriyatimiz – ona tilimiz yuksak e’tiborda ekanligi yana bir bor o‘z isbotini topdi.
Bugun har bir inson o‘zining yoshi, jinsi, e’tiqodi, kasb-kori, lavozimi va yashash joyidan qat’i nazar, milliy o‘zligimiz va g‘ururimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirishdek sharafli ishga o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim.
Zero, ona tiliga bo‘lgan munosabat, mustaqillikka bo‘lgan munosabat hisoblanadi. Ona tili millatning ruhi, davlat timsoli ekanini e’tiborga olgan holda, uni asrash va rivojlantirish har bir insonning burchidir. Binobarin, o‘zbek tilini rivojlantirish, davlat tili sifatidagi o‘rnini va nufuzini yanada mustahkamlashdek mas’uliyatli vazifa barchamizning oldimizda turibdi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligida “O‘zbek tili — milliy o‘zligimiz va birligimiz timsoli!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda o‘zbek tilining xalqimiz tarixi, milliy qadriyatlari va ma’naviy merosini asrab-avaylashdagi beqiyos o‘rni, shuningdek, uning davlat va jamiyat hayotidagi nufuzini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimiz milliy o‘zligini anglash va davlatchiligimiz tarixidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Tadbir davomida ona tilimizga hurmat va e’tiborni yuksaltirish, davlat tilida ish yuritish madaniyatini takomillashtirish, rasmiy hujjatlar hamda fuqarolar bilan muloqotda adabiy til me’yorlariga qat’iy rioya etishning ahamiyati xususida fikr almashildi.
Shuningdek, o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning sofligi va jozibadorligini asrab-avaylash, yosh avlod qalbida ona tiliga muhabbat va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash har birimizning muhim burchimiz ekani qayd etildi.
Zero, ona tiliga ehtirom — millatga ehtirom, davlat tiliga hurmat esa Vatanga sadoqat ifodasidir.
Ona tilimiz hamisha milliy birligimiz, g‘ururimiz va iftixorimiz timsoli bo‘lib qolsin!
Aziz Vatandoshlar!
Barchangizni milliy o‘zligimiz, ma’naviyatimiz va davlatchiligimizning muhim timsollaridan biri bo‘lgan 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Ona tilimiz — o‘tmishimiz bilan kelajagimizni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik, milliy birligimiz va o‘zligimizning mustahkam poydevoridir.
Shunday ekan, uning qadr-qimmatini asrash, boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish va davlat tili sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirish har birimizning muqaddas burchimiz bo‘lib qolishi lozim.
Barchangizni yana bir bor qutlug‘ bayram bilan tabriklaymiz.


