AQSHDA MAVSUMIY ISHLASH UCHUN MAXSUS TAYYORGARLIK DASTURI YO‘LGA QO‘YILADI
2026-10-13 10:00:00 / Yangiliklar

Muzokarada hamyurtlarimizni AQSH qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha amaliy qadamlar kelishib olindi.
Nomzodlar uchun taxminan 12 haftalik maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqiladi. Unda ingliz tili, qishloq xo‘jaligi texnikasini boshqarish, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, payvandlash hamda mehnat xavfsizligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar o‘rgatiladi.
Ish beruvchilar o‘quv dasturini ishlab chiqish, nomzodlarni sinovdan o‘tkazish va yakuniy sertifikatlash jarayonida ishtirok etadi.
Maqsad — birinchi guruhni AQSHdagi bahorgi qishloq xo‘jaligi mavsumiga tayyorlash.
Amerikalik hamkorlar ma’lumotiga ko‘ra, AQSH fermerlarining o‘zbekistonlik ishchilarni mavsumiy ishlarga jalb qilishga qiziqishi ortib bormoqda.
Ish beruvchilarning aniq buyurtmalari olinib, tanlov mezonlari tasdiqlangach, nomzodlarni saralash va tayyorlash boshlanadi.
Qabul shartlari va ariza topshirish tartibi Agentlikning rasmiy kanallarida e’lon qilinadi.


