Koreya Respublikasida ishlash uchun nomzodlarni tanlash tartibi yuzasidan
2026-10-03 12:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Samarqand shahrida yashovchi fuqaroning Koreya Respublikasi ish beruvchilari tomonidan tanlanmagani hamda SPAS bazasidagi amal qilish muddati tugayotganligi haqidagi murojaati yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
O‘zbekiston fuqarolarini Koreya Respublikasiga EPS tizimi orqali vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborish ikki davlat o‘rtasidagi memorandum asosida tashkil etiladi.
Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tish ishga joylashishni kafolatlamaydi. Bu nomzodga Koreya ish beruvchilari o‘tkazadigan tanlovlarda ishtirok etish imkonini beradi. Nomzodlarni tanlash huquqi faqat ish beruvchilarga tegishli bo‘lib, Migratsiya agentligi yoki boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning ushbu jarayonga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
SPAS bazasida nomzodlar ma’lumotlari ikki yil davomida saqlanadi. Mazkur muddat EPS tizimi orqali Koreyaga ishchi kuchi yuboradigan barcha 17 davlat fuqarolari uchun bir xil belgilangan.
Ma’lumotlar bazasi Koreyaning vakolatli organlari tomonidan yuritiladi. Migratsiya agentligi bazadagi ma’lumotlarni o‘zgartirish, amal qilish muddatini uchinchi yilga uzaytirish yoki nomzodning ish beruvchi tomonidan tanlanishini ta’minlash vakolatiga ega emas.
Xorijda qonuniy ishlash imkoniyatlari bo‘yicha ma’lumot va maslahatlarni Agentlikning hududiy filiallari hamda 1282 qisqa raqami orqali olish mumkin.
