🌳“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda yangi tizimga o‘tiladi
2026-09-26 10:40:00 / Ekofaol xodim

Endilikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yangi tizim qo’llaniladi. Bu O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi 206-sonli Farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, mahallalarda yashillik darajasini oshirishda har bir odam uchun 3 ta daraxt, 30 foiz daraxt soyasi, 300 metr atrofida yashil hudud bo‘lishini ta’minlashni nazarda tutuvchi “3-30-300” xalqaro standarti joriy qilinadi. Shuningdek, 2030-yilga qadar yashil bog‘lar va yashil jamoat parklari sonini 1023 taga yetkazish, 2026-yilda “Yashil makon” doirasida kuz mavsumida 257 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parklari yaratish, 2030-yilga qadar har bir tuman va shaharda kamida 5 tadan umumiy uzunligi 10 kmdan kam bo‘lmagan soyali sayr ko‘chalari yaratish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab respublikada tozalik va ozodalik dolzarb ikki oyligi o‘tkaziladi. Bunda 1-oktabrdan yashil hududlar joylashuvi aniqlanadi, yerlar tayyorlanadi, ko‘chat va butalar zaxirasi yaratiladi. 2026-yil 1-noyabrdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmda, 2026-yil 5-noyabrdan Buxoro va Navoiy viloyatlarida, 2026-yil 10-noyabrdan Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 2026-yil 20-noyabrdan esa Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ko‘chat va butalar ekish mavsumi boshlanadi.
Qolaversa, Farmonga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan “Yashil mahalla” loyihasi doirasida “Mahallani yashillashtirish” paketi joriy qilinadi. Loyiha doirasida mahallalarga o‘rmonchi-murabbiy xodim biriktiriladi. “Mahalla yettiligi” a’zolari har ekish mavsumi oldidan o‘qitiladi. Fuqarolarga ekish, sug‘orish, mulchalash, kompost tayyorlash, daraxtni parvarishlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash borasida ma’lumot beradi.
Shu bilan birga, 2026-yil kuz mavsumidan boshlab yer maydoni cheklangan mahallalarda, ko‘p kvartirali uylar oralig‘ida, maktab va bog‘chalar hovlilarida mahalla mikroo‘rmonlari tashkil etiladi. Bunda 200-1000 metr kvadrat maydonda har bir metr kvadratga kamida 2 ta daraxt va buta ko‘chatini zich ekish usuli (qatlamlab) qo‘llanadi. Yer ajratish imkoniyati bo‘lmagan yoki beton va asfalt qoplamali hududlarda jamoatchilik kichik bog‘lari tashkil etiladi.
