Rossiyaga ishga borishdan oldingi jarayonlar: yangi mexanizm muhokama qilindi
2026-09-29 19:25:00 / Yangiliklar

Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashdi.
Muzokaralarda Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan nomzodlarni tashkillashtirilgan tartibda ishga yo‘naltirish mexanizmlarini takomillashtirish hamda borishdan oldingi asosiy jarayonlarni O‘zbekistonning o‘zida tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, «bir joyda barcha jarayonlar» tamoyili asosida kompleks markaz tashkil etish taklif qilindi. Unda safardan oldingi testlari, tibbiy ko‘rik, biometrik va daktiloskopiyadan o‘tish, hujjatlarni tekshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, rus tili imtihonlarini topshirish uchun Toshkentga kelish bilan bog‘liq vaqt va xarajatlarni kamaytirish maqsadida jarayonlarni hududlarda tashkil etish masalasi ko‘tarildi. Buning uchun 4 ta hududda zarur infratuzilma tayyorlangan.
Asosiy maqsad — Rossiyada ishlashni rejalashtirganlar qayerda, qaysi korxonada va qanday sharoitda ishlashini aniq bilishi, zarur hujjat va jarayonlarni oldindan rasmiylashtirishi hamda aniq ish beruvchining buyurtmasi asosida qonuniy va tushunarli yo‘l bilan ishga borishini ta’minlash.


