O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida mehnat sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi
2026-09-26 17:00:00 / Yangiliklar

Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksandr Ogorodnikov bilan uchrashdi.
Unda yurtdoshlarimizni Belarusga, xususan, Vitebsk viloyatiga uyushgan tartibda ishga joylashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Viloyat ish beruvchilari 800 ga yaqin xodimga ehtiyoj bildirgan. Andijon viloyatidan taqdim etilgan nomzodlar hujjatlari tekshirilib, hozirga qadar 204 nafarlik ro‘yxat shakllantirildi. Tanlovga boshqa hududlar ham jalb etiladi.
Ish o‘rinlari chorvachilik, traktorchilik, haydovchilik va yordamchi ishlar yo‘nalishlarida taklif etilmoqda. Nomzodlarning hujjatlari va kasbiy ko‘nikmalari dastlabki bosqichda tekshiriladi, yakuniy tanlov esa Belarus ish beruvchilari bilan onlayn suhbatlar asosida o‘tkaziladi.
Shuningdek, fuqarolarning yo‘l xarajatlarini ish beruvchi tomonidan oldindan qoplash imkoniyatini o‘rganish taklif etildi.


