O‘ZBEKISTON VA SERBIYA O‘RTASIDA MEHNAT MOBILLIGI BO‘YICHA YANGI QADAM
2026-09-09 16:35:00 / Yangiliklar

Migratsiya agentligi direktori Muxsinxo‘ja Abdurahmonov Serbiya Respublikasining Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy siyosat vaziri Militsa Stamenkovski bilan uchrashdi.
Muzokaralarning asosiy natijalaridan biri — O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida Hukumatlararo bitimni imzolash masalasi bo‘yicha kelishuvga erishilgani bo‘ldi.
Uchrashuvda Serbiya tomoni mamlakatda o‘tkaziladigan EXPO 2027 xalqaro ko‘rgazmasi obyektlari qurilishiga o‘zbekistonlik malakali mutaxassislarni jalb qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Bu yo‘nalishda kadrlarni oldindan tayyorlash va munosib mehnat sharoitlariga ega ish o‘rinlariga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Serbiyaning O‘zbekistonda elchixona ochishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Bu hamyurtlarimiz uchun hozirda Astana shahri orqali amalga oshirilayotgan viza rasmiylashtirish jarayonlarini ancha soddalashtirishi kutilmoqda.
Muzokaralar Serbiya Milliy bandlik xizmati direktori Milan Bosnich bilan davom ettirildi. Tomonlar Hukumatlararo bitim ratifikatsiya qilingach, ikki idora o‘rtasida mehnat migratsiyasi va ishchi kuchi mobilligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Bayonnomani imzolashga kelishib oldi.

