2030-yilga qadar xavfli chiqindilarini qayta ishlash darajasi 20 foizga yetkaziladi — xavfli chiqindilarni boshqarish boʻyicha Prezident qarori
2026-08-06 15:00:00 / Ekofaol xodim

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, sanoat chiqindilarini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish va aholi uchun sogʻlom muhit yaratish byicha keng masshtabli vazifalarni qamrab oladi.
Hujjatga koʻra, 2030-yilgacha moʻljallangan Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, togʻ-kon, metallurgiya, kimyo sanoati, neft-gaz va elektr energetikasi korxonalarida hosil boʻlayotgan radioaktiv hamda Chiqindilarning tasnif katalogiga muvofiq I–IV xavflilik sinfiga mansub kimyoviy xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasini 20 foizga yetkazish belgilandi.
Shuningdek, qayta ishlab boʻlmaydigan xavfli chiqindilarni xavfsiz va minimal hajmda joylashtirish mexanizmlarini toʻliq tatbiq etish, maxsus obyektlarda saqlanayotgan chiqindilarning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish hamda ularning hosil boʻlish manbalari, hajmi, tarkibi va joylashtirish joylari boʻyicha tasniflangan davlat hisobini yuritish asosiy maqsad va ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar ekologik ekspertiza xulosasiga asosan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda yillik rejalar ishlab chiqadi.
Bunda chiqindilar hosil boʻlish hajmini kamaytirish, qayta ishlash ulushini oshirish hamda ularni faqatgina tegishli vakolat, infratuzilma va ijobiy ekologik ekspertiza xulosasiga ega boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlarga zararsizlantirish, utilizatsiya qilish yoki koʻmish uchun topshirish majburiyati yuklatiladi.
🔗 Manba: Lex.uz
