Rossiya Federatsiyasidagi holat yuzasidan yakuniy ma’lumot
2026-07-31 18:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi Vakolatxonasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi Moskva shahridagi qurilish obyektida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari yuzasidan o‘rganishlarni yakunladi.
Qurilish maydonida ishlayotgan 320 nafar xorijiy fuqaroning 70 nafardan ziyodi O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi.
O‘zbekistonning 20 nafar fuqarosi hamda brigadirlar bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasida internet tarmoqlarida tarqalgan videolarda aks etgan qo‘pol munosabat va jismoniy kuch ishlatilgan holatlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etmagani aniqlandi. O‘zbekistonliklarga nisbatan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va mehnat faoliyatiga doir ruxsatnomalar tekshirilgan bo‘lib, ulardan huquqlari buzilgani yuzasidan hech qanday murojaat kelib tushmagan.
Shuningdek, obyekt rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, mehnat qilayotgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalasi yuzasidan O‘zbekiston tomonining qat’iy pozitsiyasi yetkazildi. Vatandoshlarimizga Elchixona va Migratsiya agentligi Vakolatxonasi orqali huquqiy va amaliy yordam olish tartibi bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirishlar berildi.
Migratsiya agentligi xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vaziyatni doimiy nazorat qilib bormoqda.
