RASMIY MUNOSABAT
2026-07-30 14:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro S.Sh.A. tomonidan turmush o‘rtog‘i F.Sh.X ning joriy yilning 12-iyul kuni Rossiya Federatsiyasining Vladimir viloyatiga ishlash maqsadida jo‘nab ketgani, 14-iyul kuni manziliga yetib borgach u bilan aloqa uzilgani hamda hozirgi kunga qadar uning qaerdaligi noma’lum bo‘lib qolayotgani yuzasidan amaliy yordam so‘rab yo‘llangan murojaat Migratsiya agentligining Andijon viloyati hududiy filiali tomonidan qabul qilinib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.
Mazkur murojaat yuzasidan Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi bilan tezkor hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, fuqaroni aniqlash hamda uning holatiga oydinlik kiritish maqsadida Rossiya Federatsiyasining vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda tegishli choralarni ko‘rish uchun zarur ma’lumotlar yuborildi.
Hozirgi kunda olib borilgan o‘rganishlar natijasida fuqaroning ehtimoliy joylashgan hududi yuzasidan ma’lumotlar aniqlanib, ular vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda tekshirilmoqda.
Shuningdek, murojaat muallifi bilan Migratsiya agentligining Andijon viloyati hududiy filiali tomonidan doimiy aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, o‘rganish jarayonida aniqlanayotgan ma’lumotlar o‘zaro almashib borilmoqda.
Mazkur murojaat Agentlik tomonidan alohida nazoratga olingan bo‘lib, fuqaroning holatiga to‘liq oydinlik kiritish hamda zarur amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
