Migratsiya agentligi tomonidan xorijda ishlash imkoniyatlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi reportajlar seriyasini boshlaymiz.
2026-07-28 09:00:00 / Yangiliklar

So‘nggi paytlarda ko‘pchilik qiziqayotgan yo‘nalishlardan biri — Buyuk Britaniya bilan hamkorlik, ushbu mamlakatda ishlash imkoniyatlari va ular qanday yaratilayotgani haqida so‘z yuritamiz.
Bu mamlakatda ishlash imkoniyatlari qanday yaratilmoqda? Fuqarolar qanday saralanadi? Va nega Buyuk Britaniya mehnat migratsiyasi sohasida O‘zbekistonning muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi?
Buyuk Britaniya mehnat munosabatlari eng qat’iy tartibga solingan davlatlardan biri hisoblanadi. Shu bois bu mamlakatga fuqarolarni tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborish faqat vakansiya topish bilan cheklanmaydi. Bu ortida davlatlararo hamkorlik, huquqiy kafolatlar va o‘zaro ishonchga asoslangan yaxlit tizim turadi.
Ana shu maqsadda 2025-yilning sentyabr oyida Migratsiya agentligi va Buyuk Britaniya Hukumatining mehnat munosabatlari qonuniyligi va mehnat ekspluatatsiyasining oldini olish uchun mas’ul vakolatli organi — GLAA o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.
Ushbu memorandum mehnat ekspluatatsiyasining oldini olish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish, axborot almashish va qo‘shma monitoring mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Hamkorlikning keyingi bosqichida Britaniyaning litsenziyalangan rekruting kompaniyalari bilan amaliy mexanizmlar shakllantirildi.
Bugungi kunda Migratsiya agentligi HOPS Labour Solutions hamda Pro-Force Limited kompaniyalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Mazkur kompaniyalar orqali ish beruvchilar tanlanadi, vakansiyalar shakllantiriladi, mehnat shartnomalari rasmiylashtiriladi hamda ishga qabul qilish jarayonlari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, ish beruvchilarning mehnat shartnomasi shartlariga rioya qilishi, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va fuqarolarning qonuniy mehnat faoliyati yuritishi ham doimiy monitoring qilinadi.
Bu hamkorlik bugun amaliy natijasini bermoqda.
HOPS Labour Solutions bilan hamkorlik doirasida shu kunga qadar 5 382 nafar, Pro-Force Limited orqali esa 2 282 nafar O‘zbekiston fuqarosi Buyuk Britaniyada qonuniy mavsumiy ish bilan ta’minlandi.
Ularning o‘rtacha oylik daromadi 2,5 ming AQSH dollarini tashkil etmoqda.
Nomzodlarni saralash jarayoni esa bir necha bosqichda amalga oshiriladi.
Avvalo onlayn test.
Shundan keyin Britaniya ish beruvchilari ishtirokida suhbat.
Faqat ish beruvchi tomonidan ma’qullangan nomzodlar mehnat shartnomasini imzolaydi va ishga jo‘nab ketadi.
Bu esa tanlov jarayonining shaffofligi va ish beruvchining haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqqan holda tashkil etilishini ta’minlaydi.
Odatda, kelgusi mavsum uchun vakansiyalar kuz oylarida e’lon qilinadi. Nomzodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tanlov jarayonlari haqidagi rasmiy ma’lumotlar esa Migratsiya agentligining "Xorijda ish" Telegram kanalida e’lon qilinadi.
Shuning uchun Buyuk Britaniyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga faqat rasmiy manbalardagi e’lonlarni kuzatib borish tavsiya etiladi.
Buyuk Britaniya bilan hamkorlik bugun faqat mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari bilan cheklanmaydi.
2026-yil may oyida London meriyasidan dunyodagi yirik kruiz operatorlaridan biri — "Carnival Cruise Line" kompaniyasi bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif kelib tushgan va ushbu yo‘nalish ham O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi bilan birgalikda amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bu esa kelgusida yurtdoshlarimiz uchun Buyuk Britaniyada yangi sohalar va yangi ish o‘rinlari yaratilishi yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Bugungi kunda Buyuk Britaniya bilan hamkorlik faqat ishga joylashtirishdan iborat emas.
Bu — davlatlararo ishonch, qonuniy mehnat migratsiyasi, fuqarolar huquqlarini himoya qilish, xalqaro standartlar asosida tanlov o‘tkazish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan tizimli hamkorlikdir.
Migratsiya agentligi Buyuk Britaniyaning davlat idoralari va ish beruvchilari bilan hamkorlikni izchil kengaytirib, yurtdoshlarimiz uchun nafaqat mavsumiy ishlar, balki yuqori daromadli va istiqbolli yangi yo‘nalishlarda ham imkoniyatlarni yaratish ustida ish olib bormoqda.
