RASMIY MUNOSABAT
2026-07-27 14:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Ommaviy axborot vositalarida Janubiy Koreya Respublikasiga tashkillashtirilgan tartibda ishga yuboriladigan fuqarolar uchun belgilangan xizmat haqi, uning huquqiy asoslari hamda Migratsiya agentligining ayrim ichki hujjatlariga oid savollar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Avvalo, Migratsiya agentligi tomonidan undiriladigan xizmat haqi amaldagi qonunchilik talablari asosida belgilangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi PF–162-son Farmoni bilan Agentlik mablag‘larini shakllantirish manbalari va ulardan foydalanish yo‘nalishlari aniq belgilab berilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-apreldagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomga muvofiq, yuboruvchi tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati mustaqil belgilanishi nazarda tutilgan.
Janubiy Koreya Respublikasiga tashkillashtirilgan tartibda yuboriladigan fuqarolar uchun belgilangan xizmat haqi ham aynan shu huquqiy normalar va iqtisodiy hisob-kitoblar asosida shakllantirilgan. Bunda Agentlikning yillik xarajatlari, xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq tashkiliy sarflar hamda fuqaroning borish davlatidagi yillik daromadiga nisbatan ishga joylashish xarajatlari ulushi hisobga olinadi. Ayrim yangi mehnat bozorlarida pilot loyihalar doirasida xizmat haqi umuman undirilmaydi, tariflar esa iqtisodiy hisob-kitoblar asosida muntazam qayta ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga, xizmat haqi faqat ishga jo‘natish jarayonini emas, balki xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga huquqiy, ijtimoiy, tibbiy va tashkiliy yordam ko‘rsatish tizimining uzluksiz ishlashini ta'minlashga ham xizmat qiladi. Jumladan, huquqlari buzilgan fuqarolar uchun advokatlar jalb etiladi, og‘ir ahvolga tushgan shaxslarga moddiy yordam ko‘rsatiladi, tibbiy xizmatlar xarajatlari qoplanadi, zarurat tug‘ilganda fuqarolar va ularning farzandlari O‘zbekistonga qaytariladi, vafot etgan shaxslarning jasadini olib kelish bilan bog‘liq xarajatlar ham qoplab beriladi. Bu xarajatlar Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qoplansa-da, har bir murojaatni qabul qilish, o‘rganish va yakuniga qadar kuzatib borish, xorijiy davlatlarning vakolatli organlari, diplomatik vakolatxonalar, tibbiyot muassasalari, transport tashkilotlari va boshqa hamkorlar bilan ishlarni muvofiqlashtirish uchun Agentlikning tegishli tarkibiy bo‘linmalari doimiy faoliyat yuritadi.
Bundan tashqari, fuqarolarning Koreyada mehnat faoliyatini olib borishlari bilan bog‘liq dastlabki xarajatlarini yengillashtirish maqsadida Migratsiya jamg‘armasidan aviachipta uchun 2 BHM (824 000 so‘m) hamda viza rasmiylashtirish xarajatlari uchun 65 AQSH dollari miqdorida (790 000 so‘m) mablag‘ qoplab beriladi. Shu tariqa, har bir fuqaro uchun jami 1 614 000 so‘m miqdoridagi xarajat kompensatsiya qilinadi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan 2025-yil 24-iyuldagi 106-son buyruq yuzasidan ham ta'kidlash joizki, unga "Xizmat doirasida foydalanish uchun" grifi ichki hujjatlar aylanishini tashkil etishga oid idoraviy tartiblar asosida qo‘yilgan. Biroq buyruqdagi xizmat turlari, tariflar va ularni qo‘llash tartibi o‘z mazmuniga ko‘ra foydalanilishi cheklangan axborot hisoblanmaydi. Hujjat yaxlit holda mazkur grif bilan rasmiylashtirilgani sababli tariflarga oid qismi alohida ochiq axborot resurslarida e'lon qilinmagan.
Ayni paytda mazkur masala qayta ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, buyruqning foydalanilishi cheklangan ma'lumotlar mavjud qismi ochiq axborotdan ajratilib, tariflarga oid ma'lumotlarni Migratsiya agentligining rasmiy veb-sayti va boshqa rasmiy axborot resurslarida e'lon qilish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu jarayonda Migratsiya agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zosi Botirjon Shermuhammad tomonidan buyruqlar va tariflar haqidagi ma'lumotlarni keng jamoatchilikka yanada ochiq va shaffof tarzda e'lon qilib borish yuzasidan bildirilgan takliflar ham inobatga olindi.
Migratsiya agentligi o‘z faoliyatida qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat'iy amal qiladi hamda jamoatchilikni qiziqtirgan har bir masala yuzasidan xolis, ishonchli va huquqiy asoslangan axborot berishni ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblaydi.
