Rasmiy munosabat
2026-07-24 10:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Ijtimoiy tarmoqlarda Koreya Respublikasiga E-9 vizasi asosida ishga joylashish masalasi yuzasidan e’lon qilingan murojaat bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini bandlikka ruxsat berish tizimi (EPS) orqali Koreya Respublikasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborish O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida imzolangan Memorandum asosida amalga oshiriladi.
Unga muvofiq, EPS-TOPIK test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning ma’lumotlari Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish xizmati (HRDK)ning SPAS ma’lumotlar bazasiga kiritiladi va mazkur bazada 2 yil davomida saqlanadi.
SPAS ma’lumotlar bazasi Koreya Respublikasining vakolatli organlari tomonidan yuritiladi. Migratsiya agentligi ushbu bazaga o‘zgartish kiritish, undagi ma’lumotlarni tahrirlash yoki nomzodlarning amal qilish muddatini uchinchi yilga uzaytirish vakolatiga ega emas. Shuningdek, SPAS bazasidagi 2-yillik amal qilish muddati Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi tomonidan ishchi kuchi yuboradigan barcha 17 davlat fuqarolari uchun bir xil tartibda belgilangan.
Shu bilan birga, SPAS ma’lumotlar bazasiga kiritilgan nomzodni ishga qabul qilish yoki tanlash huquqi faqat Koreya Respublikasi ish beruvchilariga tegishli hisoblanadi. Nomzodni tanlash jarayonida boshqa davlat organlari, jismoniy yoki yuridik shaxslarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
