Ertaga, 10-iyul kuni respublikaning barcha hududlarida navbatdagi “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkaziladi.
2026-07-09 17:00:00 / Ekofaol xodim

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” hamda “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur tashabbus avtotransport vositalaridan havoga chiqadigan zararli tashlamalarni kamaytirish va bu orqali ekologik barqaror muhitni shakllantirish, shuningdek, jamoat transporti va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Xususan, “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari doirasida Migratsiya agentligi hamda hududiy filiallar xodimlari xizmat hamda shaxsiy avtomobillaridan voz kechib, jamoat transporti, velosiped kabi vositalardan foydalanishdi.
Diqqat! “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan avtotransport vositalaridan foydalanish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Migratsiya agentligi barcha davlat va nodavlat tashkilotlar hamda yurtdoshlarimizni aksiyalarda faol qatnashishga, atmosferaga zararli tashlamalar chiqarmaydigan "yashil" transport vositalari, elektromobillar va jamoat transportidan ko‘proq foydalanishga chaqiradi!
