Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
2026-07-03 17:00:00 / Brifinglar
Bugungi brifingda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan 2026-yilning aprel-iyun oylarida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tamiz.
Joriy yilning 2-choragida Agentlikka jami 499 ta topshiriq belgilandi. Jumladan:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan 213 ta hujjat asosida 237 ta topshiriq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 39 ta hujjati asosida 47 ta topshiriq va Vazirlar Mahkamasining 201 ta hujjati asosida 215 ta topshiriq belgilangan.
Bugunga qadar ularning barchasining ijrosi to‘liq va sifatli bajarib kelinmoqda. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida mehnat migratsiyasi sohasida bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.
May oyida birinchi Toshkent Xalqaro Migratsiya Forumi o‘tkazildi. Unda 10 ta xalqaro tashkilot va 47 ta davlatdan 600 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Anjumanda delegatsiyalar rahbarlari, xalqaro tashkilot vakillari va sohaviy ekspertlardan iborat 50 nafar spiker ishtirokida 2 ta yalpi majlis hamda 5 ta panel sessiya o‘tkazildi.
Migratsiya agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan maqsadli ishlar natijasida mehnat migratsiyasi geografiyasi kengaytirildi. Xususan, 4 ta davlat (Avstriya, Serbiya, Shvetsiya va Yaponiya) bilan hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, 27 ta davlatdagi 101 ta ish beruvchi bilan hamkorlik shartnomalari tuzildi.
Diplomatik vakolatxonalar bilan birgalikda 173 ming 222 ta ish o‘rni aniqlandi (o‘rtacha ish haqi 1,5 ming AQSH dollari). AQSH, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya va Turkiya bilan qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish sohalariga ishchilarni jalb etish yo‘lga qo‘yildi.
21 ta davlat bilan qassobchilik, yo‘l qurilishi, aviatsiya va avtomobil sanoati sohalarida yangi yo‘nalishlar ochildi, shuningdek, tibbiyot, logistika va payvandlash kabi yo‘nalishlar kengaytirildi.
Xorijiy tashkilotlar va nodavlat ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda hududlarda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun o‘quv kurslari tashkil qilinib, ularni bepul xorijiy tillarga o‘qitish imkoniyatlari kengaytirildi.
Xorijiy kompaniyalar bilan texnikumlarda tashkil etilgan 38 ta "Kasb + til" qo‘shma ta'lim loyihalarida 3 ming 700 nafar fuqaro o‘qitilmoqda. Turkiyaning "Aria" va Latviyaning "Sertifikat Centrs" tashkilotlari bilan hamkorlikda 5 ta hududda kasb bo‘yicha xalqaro malakani baholash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Germaniyaning TELC sertifikatlash markazi ochildi.
Uchtepa tumanida xalqaro standartlarga asoslangan "Intil" xalqaro til va kasblarga o‘qitish markazi tashkil etildi.
Termiz shahrida "Yagona migratsiya markazi" bir darcha tamoyili asosida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi.
Shvetsiya, Avstriya, Chexiya, Germaniya, Slovakiya, Fransiya va Italiyada Migratsiya agentligining faxriy vakillari tayinlandi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Amalga oshirilgan ishlar mamlakatimiz fuqarolarini xavfsiz, tashkillashtirilgan va qonuniy mehnat migratsiyasiga yo‘naltirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.
E'tiboringiz uchun rahmat! Xayr, salomat bo‘ling!
