Migratsiya agentligi rahbariyati va xodimlariga nisbatan tarqatilayotgan asossiz ma’lumotlar yuzasidan
2026-06-20 14:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

So‘nggi vaqtlarda ayrim Telegram kanallari va boshqa internet resurslarida Migratsiya agentligi rahbariyati hamda xodimlariga nisbatan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, tekshirilmagan va bir tomonlama talqin qilingan ma’lumotlar tarqatilmoqda.
Mazkur holatlar bo‘yicha vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv natijalariga ko‘ra barcha holatlarga huquqiy baho beriladi.
Shu munosabat bilan jamoatchilik e’tiborini shu narsaga qaratamizki, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga oid har qanday ma’lumotlar faqat rasmiy manbalar va ishonchli dalillarga asoslangan holda baholanishi lozim.
Ayrim internet resurslari orqali shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, sha’n va qadr-qimmatga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni e’lon qilish, shuningdek, jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan harakatlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
Migratsiya agentligi o‘z faoliyatini ochiqlik, qonuniylik va javobgarlik tamoyillari asosida davom ettirmoqda hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda barcha holatlarga oydinlik kiritilishini ta’minlaydi.
Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillarini faqat rasmiy axborot manbalariga tayanishga chaqiramiz.
Migratsiya agentligi matbuot xizmati
