Markaziy Osiyo ekologik faoliyati samaradorligining mintaqaviy sharhi bo‘yicha Samarqand bayonoti imzolandi
2026-06-04 09:00:00 / Ekofaol xodim

BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) va O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir Markaziy Osiyo ekologik faoliyati samaradorligining mintaqaviy sharhi (Regional EPR)ning operasion bosqichini boshlashga bag‘ishlandi.
Tadbirni O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U mintaqada ekologik xavfsizlik va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yashil texnologiyalarni joriy etish va barqaror moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyo ishonch, ilmiy hamkorlik va mintaqaning barqaror kelajagi uchun umumiy mas’uliyatga asoslangan ekologik hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirmoqda. Ushbu maqsadlarga erishish uchun mamlakatlarga nafaqat siyosiy muloqot, balki yagona tahliliy baza, ekologik monitoring, yashil moliyalashtirishni rivojlantirish va qo‘shma iqlim tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlar ham zarur.
Shuningdek, Qozog‘iston Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nisanbayev va Tojikiston Hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda ham bayonot berdi.
UNECE Atrof-muhit va o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi direktori Paola Deda mintaqaviy sharhning ekologik boshqaruvni mustahkamlash, muvofiqlashtirish va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida natijaga yo‘naltirilgan hamkorlikni rivojlantirishning amaliy mexanizmi sifatidagi ahamiyatini ta’kidladi.
