Rasmiy munosabat!
2026-05-26 17:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Fuqaro Nizom Bekmurodovning ijtimoiy tarmoqlar orqali “Persey” tashkilotida mehnat faoliyati olib borayotgani, biroq oylik ish haqi hamda ishlash huquqini beruvchi patent hujjatlari o‘z vaqtida rasmiylashtirilmayotgani yuzasidan qoldirgan murojaati Migratsiya agentligi tomonidan nazoratga olindi.
Mazkur holat bo‘yicha Agentlikning Rossiya Federatsiyasidagi Vakolatxonasi tomonidan tezkor o‘rganish ishlari olib borildi. Jumladan, fuqaro Nizom Bekmurodov hamda ish beruvchi tashkilot mas’ullari ishtirokida onlayn muloqot tashkil etilib, murojaatda ko‘tarilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.
O‘rganishlar davomida ish beruvchi tomonidan fuqaroning ishlash huquqini beruvchi patent hujjatlari 2026 yil 5 iyunga qadar rasmiylashtirib berilishi, shuningdek hisoblangan oylik ish haqi oy yakuniga qadar to‘lab berilishi ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, “Persey” tashkilotida mehnat qilayotgan fuqarolar bilan Vakolatxona tomonidan muntazam ravishda uchrashuv va muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu jarayonlarda mehnat huquqlarini ta’minlash, ish sharoitlarini yaxshilash hamda hujjatlashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinib, tegishli tushuntirishlar berilgan.
Fuqaroga, zarurat yuzaga kelgan taqdirda, Vatanga qaytish uchun bir martalik aviachipta hamda moddiy yordam ajratilishi mumkinligi bo‘yicha ham huquqiy va amaliy tushuntirishlar berildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaro va ish beruvchi o‘rtasidagi masalalarni ijobiy hal etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lib, jarayon Migratsiya agentligi tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
