AQSH BILAN MIGRATSIYA SOHASIDA HAMKORLIKNING YANGI YO‘NALISHLARI
2026-05-12 18:05:00 / Yangiliklar

🌍 Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi mas’ullaridan iborat delegatsiya Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro migratsiyani ko‘rib chiqish forumi (IMRF) doirasida xalqaro hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Forum ochilishida BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish va XMT Bosh direktori Emi Poup global migratsiya siyosatining asosiy yo‘nalishlarini bayon qildi.
🏛 Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev O‘zbekistonda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kasbiy va til tayyorgarligi tizimi hamda xalqaro hamkorlik natijalari haqida axborot berdi.
Shuningdek, o‘z nutqida migratsiyani faqat iqtisodiy zarurat emas, balki inson kapitaliga sarmoya sifatida baholanishini qayd etdi.
XMT Bosh direktori o‘rinbosari Ugochi Deniyels bilan mamlakatidan tashqarida ishlayotganlar huquqlarini ta’minlash hamda Toshkentda o‘tkaziladigan Xalqaro migratsiya forumining tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.
🤝 AQSH BILAN ASOSIY KELISHUV VA YO‘NALISHLAR
🏥 Logan University (tibbiyot universiteti) bilan AQSH mehnat bozori uchun tibbiyot xodimlarini maqsadli tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.
🚛 Missouri Trucking School (haydovchilik maktabi) vakillari bilan 160 soatlik maxsus o‘quv dasturi orqali yuk avtomobili haydovchilarini AQSH standartlari asosida tayyorlash va ishga joylashtirish mexanizmi muhokama qilindi.
🌾 NCAE (AQSH qishloq xo‘jaligi ish beruvchilari kengashi) va Migratsiya agentligi o‘rtasida ish beruvchilar ishtirokida mehnat forumi tashkil etish, mavsumiy ish dasturlarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.
🧑🌾 Head Honchos (mavsumiy ish rekruting tashkiloti) bilan H-2A vizalarini rasmiylashtirish, Amerikada O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi kadrlar salohiyatini targ‘ib qilish, 8–10 haftalik tayyorlov dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishildi.
⚖️ Ballon Stoll (yuridik firma) bilan AQSHda O, H-2A, H-2B, H-1B va E vizalari orqali ish imkoniyatlari hamda ushbu mamlakatda ishlayotgan o‘zbekistonliklar huquqiy himoyasi mexanizmlarini kuchaytirish to‘g‘risida muloqot olib borildi.








