Rasmiy munosabat!
2026-03-18 18:00:00 / Yangiliklar

Joriy yil 12-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida joylashgan “Karima” restoranida mehnat faoliyatini amalga oshirib kelgan 5 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ish beruvchi tomonidan pasportlari olib qo‘yilgani hamda 3 oylik ish haqlari to‘lanmagani haqida murojaat kelib tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Ostona shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasi tomonidan tezkor choralar ko‘rilib, “Karima” restorani rahbariyati bilan aloqa o‘rnatildi. Suhbat davomida fuqarolarning hujjatlarini qaytarish va ish haqlarini to‘liq to‘lash masalalari yuzasidan tegishli talablar qo‘yildi.
Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining vakolatli organlari tomonidan holat nazoratga olinib, ish beruvchiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida, joriy yil 14-mart kuni fuqarolarimizning pasportlari to‘liq qaytarildi hamda ularga tegishli bo‘lgan jami 5 290 AQSH dollari miqdoridagi ish haqlari undirib berildi.
