Rasmiy bayonot
2025-12-10 17:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda O‘zbekiston fuqarolari uchun uchinchi mamlakatlar orqali Koreya Respublikasiga vizasiz kirish va keyinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish mumkinligi haqida asossiz ma’lumotlar tarqalmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mazkur xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va fuqarolarimiz orasida chalg‘ituvchi axborotlar soni ortib borayotgani kuzatilmoqda.
Ma’lumot uchun: Koreya Respublikasining vizasiz rejimlari O‘zbekiston fuqarolarining mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida kirishini nazarda tutmaydi.
Elektron ruxsatnoma — K-ETA faqat qisqa muddatli sayyohlik yoki ishbilarmonlik maqsadida tashrif buyuruvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Koreyada ishlash huquqini bermaydi. Tahlillarda, mazkur noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatayotgan shaxslar asosan Turkiya va Koreya Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamlaridan foydalanmoqda. Qo‘shimcha tekshiruvlar esa ularning hech qanday rasmiyvakolatga ega emasligi, aksincha, fuqarolarni “viza yordami” yoki “ishga joylashtirish” bahonasida aldash va pul talab qilish bilan shug‘ullanuvchi firibgarlar ekanini ma’lum bo‘ldi.
Qolaversa, Koreya Respublikasi migratsiya xizmatlari ushbu holatlar yuzasidan nazoratni kuchaytirgan. Qonunbuzarlikka aloqadorlikda gumon qilingan shaxslarni mamlakatga kiritishni rad etilmoqda. Bu esa aybsiz fuqarolarimiz uchun ham salbiy oqibatlarga sabab bo‘layotgani kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan, targ‘ib qilinayotgan ma’lumotlar haqqoniy emasligi, ular orqali aldanib qolish ehtimoli yuqori ekani, bunday holatlar fuqarolarimizning huquqiy holatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida qat’iy ogohlantiramiz.
Xorijda ishlash bo‘yicha ishonchli va rasmiy ma’lumotlarni faqat rasmiy manbalar orqali tekshirishni, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmasligingizni so‘raymiz!
