“Sog‘lom oila uchun birlashaylik”
2025-04-05 13:00:00 / Vazirlik yangiliklar

“Sog‘lom oila uchun birlashaylik”: qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan ayollar sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga hissa qo‘shmoqda
Bugun poytaxtimizdagi “Milliy bog‘”da “Sog‘lom oila uchun birlashaylik” shiori ostida ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari va 5 ming qadam yurish sport tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, jahon chempioni Oksana Chusovitina, 2024-yilgi yozgi Olimpiada o'yinlari kumush medal sohibi Svetlana Osipova hamda boshqa taniqli sportchilar ishtirok etdi.
Ushbu ommaviy sport tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-martdagi Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surilgan — ayollarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish bo‘yicha topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ayol-qizlar ham faol ishtirok etishdi. Ular orasida Texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti, Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi, Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi, “OʻzshaharsozlikLITI” DM, “Qishloqqurilishloyiha” MCHJ kabi muassasalarning xodimalari bor edi.
Bu kabi tadbirlar ayollarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, jamoaviy sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.


