Kommunal xoʻjaligi mavzusida Respublika seminari
2025-12-24 09:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Respublika seminarida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ham so‘zga chiqib, kommunal sohada olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, erishilgan natijalar hamda oldinda turgan ustuvor vazifalarga atroflicha to‘xtaldi.
Vazir o‘rinbosari o‘z nutqida kommunal soha bevosita aholi bilan bog‘liq eng murakkab tizimlardan biri ekanini ta’kidladi.
“Kommunal soha aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladigan tizim bo‘lgani sababli, bu yo‘nalishdagi har bir kamchilik yoki kechikish insonlarning turmush sifatida darhol aks etadi”, — dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Shuningdek, u o’z nutqida “Mening uyim” billing tizimi, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bo‘yicha elektron reyestrlar va axborot tizimlari joriy etilishi orqali sohada ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlashga erishilganini alohida ta’kidladi.
Bundan tashqari vazir o‘rinbosari issiqlik, ichimlik va oqova suv ta’minoti yo‘nalishlarida amalga oshirilgan yirik loyihalar aholi yashash sharoitini yaxshilashga xizmat qilayotganini qayd etdi.
“Bugungi islohotlarning asosiy maqsadi — kommunal tizimni shunchaki ishlaydigan emas, balki aholining hayot sifatini oshiradigan barqaror va zamonaviy tizimga aylantirishdir”, — dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Seminar doirasida sohada kadrlar salohiyatini oshirish, energiya samaradorligini ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish hamda kommunal madaniyatni shakllantirish kelgusidagi muhim vazifalar sifatida belgilandi.



