Kommunal xoʻjaligi mavzusida Respublika seminari
2025-12-24 09:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan “Kommunal xoʻjaligi sohasidagi islohotlarning borishi: erishilgan natijalar va kelgusidagi dolzarb vazifalar” mavzusida Respublika seminari oʻz ishini boshladi.
Seminarda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sherzod Hidoyatov soʻzga chiqib, kommunal sohaning aholi hayoti va turmush sifati bilan chambarchas bogʻliq ekanini ta’kidladi.
“Kommunal soha — bu shunchaki xizmat koʻrsatish tizimi emas, balki aholining kundalik hayoti, turmush sifati va davlatga boʻlgan ishonchi bilan bevosita bogʻliq muhim yoʻnalishdir”, — dedi vazir.
Shuningdek, soʻnggi yillarda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilgan islohotlar natijasida boshqaruv tizimi tubdan takomillashtirilgani qayd etildi. Xususan, koʻp qavatli uy-joy fondini boshqarishda zamonaviy va samarali model shakllantirilgani, xizmatlar sifati va ochiqlik darajasi oshirilgani ta’kidlandi.
Vazir raqamlashtirish jarayonlariga toʻxtalar ekan, “Bugun sohada raqamli yechimlarni joriy etish orqali inson omilini kamaytirish, shaffoflikni ta’minlash va aholi bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish imkoniga ega boʻldik”, — deya qayd etdi.
Seminarning asosiy maqsadi sohada erishilgan natijalarga xolis baho berish, mavjud muammolarni ochiq muhokama qilish hamda kelgusidagi dolzarb vazifalarni belgilab olishdan iborat ekani ta’kidlandi. Ushbu tadbir hududlar va mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish va samarali muloqot maydoni boʻlib xizmat qilishi qayd etildi.



