Samarqandga 20 yildan so’ng issiqlik qaytmoqda
2025-12-13 12:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Samarqand shahrining “Sattepo”, “Sug‘diyona” va “Mikrorayon” hududlarida 20 yil atrofida issiqlik bo’lmagan. Bu esa aholi turmush darajasiga salbiy ta’sir ko’rsatib kelayotgan edi.
“RK-2” markaziy qozonxonasidagi rekonstruksiya ishlari, xususan, 39,4 km uzunlikdagi teng qobiqli issiqlik quvurlarini yotqizish, shuningdek, umumiy quvvati 100 Mvt bo‘lgan 3 ta zamonaviy qozonxona (2 ta — 30 Mvt, 1 ta — 40 Mvt) qurilishi natijasida 22 ta ijtimoiy soha obyekti, 381 ta ko‘p qavatli uy va ulardagi 18 864 ta xonadon issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlanadi.
Bu esa jami 53 046 nafar aholi uchun barqaror va samarali issiqlik ta’minotini yaratadi.
Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, "Issiqlikta'minoti" AJ boshqaruvi raisi Ilhom To'rayev, Samarqand viloyati hokimi o'rinbosari Navro'z Rahmonov va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari bugun ushbu qozonxonada amalga oshirilgan ishlarni ko'zdan kechirdilar.
Mutasaddilar ishtirokida qozonxona bugun sinov tariqasida ishga tushirildi.
Ozoda Jo’rayeva issiqlik ta’minoti yetkazib beriladigan ushbu hududdagi koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv organlari hamda aholi vakillari bilan suhbatlashib, ularning sohaga doir muammolari, taklif va mulohazalarini qabul qildi.
Jarayon yakunida Abu bakr Roziy ko’chasi 41-son uy texnik holati hamda unda joylashgan IIP (individual issiqlik punkti) ko’zdan kechirildi.


