#rasmiy_munosabat
2026-05-15 15:10:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim internet nashrlarida Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida topilgan dahma ikki yildan buyon qarovsiz qolgani yuzasidan xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat bo‘yicha Madaniy meros agentligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
2024-yilning avgust oyida fuqarolar tomonidan viloyatning Pastdarg‘om tumani Qayrag‘och qishlog‘ida dahma qoldiqlari aniqlangani haqida Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasiga murojaat kelib tushgan. Shundan so‘ng hududga Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari jalb etilib, topilma yuzasidan ilmiy-tadqiqot va o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganishlar davomida topilmaning tarixiy, arxeologik va madaniy ahamiyati ilmiy jihatdan tahlil qilinib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda belgilangan tartibda Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etilgan.
Ilmiy-ekspert kengashining 2025-yil 15–18-aprel kunlari o‘tkazilgan 7-son yig‘ilishi bayonining 11-bandiga asosan Qayrag‘och qishlog‘idagi qadimiy qabriston hududi va qabr toshini diqqatga sazovor joy sifatida madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritish uchun yetarli ilmiy va huquqiy asos mavjud emasligi sababli obyektni ro‘yxatga olish rad etilgan.
Mazkur qaror obyektning madaniy meros maqomini olish uchun zarur bo‘lgan ilmiy mezonlar va amaldagi qonunchilik talablari asosida qabul qilingan bo‘lib, topilma yuzasidan barcha o‘rganish va ekspertiza jarayonlari belgilangan tartibda amalga oshirilganini ma’lum qilamiz.
Avvalroq mazkur topilmaning tarixiy ahamiyatini aniqlash maqsadida Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilayotgani hamda qabr toshini madaniy meros obyekti sifatida muhofazaga olish uchun yetarli ilmiy va huquqiy asos mavjud emasligi haqida rasmiy xabar berilgan edi.
