#RASMIY_MUNOSABAT
2025-11-07 17:50:00 / Yangiliklar

“Charxindagi topilma taqdiri nima bo‘ladi?” sarlavhali maqolaga munosabat
“Zarnews.uz” saytida “Charxindagi topilma taqdiri nima bo‘ladi?” sarlavhasi ostida e’lon qilingan maqolada Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumaniga qarashli “Ko‘ktosh” qabristoni hududida aniqlangan arxeologik obyekt — eski dahma haqida tanqidiy mulohazalar bayon etilgan. Mazkur maqolada bildirilgan fikr-mulohazalarga aniqlik kiritish hamda holatga huquqiy va ilmiy asosda yondashgan holda quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Topilma qay tartibda o‘rganildi?
2024-yil avgust oyida fuqarolar tomonidan mazkur hududda dahma qoldiqlari topilgani to‘g‘risida Madaniy meros agentligining Samarqand viloyati boshqarmasiga xabar berilgan. Shundan so‘ng holat bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirildi:
•Samarqand arxeologiya institutining mutaxassislari joyiga chiqib, arxeologik topilmani ilmiy nuqtai nazardan o‘rganish ishlarini olib bordi;
•O‘rganish natijalari asosida huquqiy va ilmiy hujjatlar rasmiylashtirildi;
•Mazkur hujjatlar belgilangan tartibda Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etildi.
Ilmiy-ekspert kengashi qarori
2025-yil 15–18-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Ilmiy-ekspert kengashining 7-son yig‘ilish bayonining 11-bandida quyidagi qaror qabul qilingan:
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani Qayrag‘och qishlog‘ida joylashgan qadimiy qabriston hududi va qabr toshini diqqatga sazovor joy sifatida madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritish uchun yetarli asos mavjud emas — degan asos bilan bu obyektni rasmiy ro‘yxatga olish rad etilgan.
Bu qaror arxeologik obyektning madaniy meros obyektiga aylantirilishi uchun zarur bo‘lgan ilmiy, tarixiy va huquqiy asoslar yetarli emasligiga tayangan.
Shu bilan birga, Madaniy meros agentligi ushbu topilma yuzasidan barcha jarayonlar amaldagi qonunchilik talablari va ilmiy asoslar doirasida olib borilganini ma’lum qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 19-avgust kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqarolarning murojaati asosida topilmaning tarixiy ahamiyatini aniqlash maqsadida Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilayotgani haqida xabar bergan edik.
