BMB ZA’FARON BRENDI SINGAPURDA BO‘LIB O‘TAYOTGAN XALQARO SAVDO YARMARKASIDA TAQDIM ETILDI
2025-10-20 09:20:00 / Yangiliklar

Yarmarkada quritilgan meva, sublimatsiyalangan meva-sabzavotlar, qayta ishlangan va boshqa turdagi mahsulotlar eksporti bilan shug‘ullanuvchi o‘ndan ortiq O‘zbekiston kompaniyalari ishtirok etishmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Singapurdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu savdo yarmarkasiga Singapurda import-eksport va logistika sohasida faoliyat olib borayotgan yirik kompaniya va savdo tarmoqlari vakillari taklif etilgan bo‘lib, tadbir mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish maydoniga aylandi.
Mazkur yarmarkada BMB HOLDING vakillari ham faol ishtirok etib, BMB Za’faron brendi ostida yetishtirilgan tabiiy dorivor o‘simligi va zafaronli mahsulotlarni ishtirokchilarga taqdim etdilar.
Ko‘rgazma davomida Holding vakillari HL IMPEX, Singapore Food Agency, HAO, Singapore Indian Chamber of Commerce & Industry, Mohammed Mustafa & Samsuddin Co. Pte. Ltd., HSG Global va Genlogix tashkilotlari vakillari bilan yaqin istiqbolda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida muzokaralar o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishdi.


