Manfaatlar to‘qnashuvi talablarini buzish — korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik sifatida belgilanmoqda
2025-09-17 08:20:00 / Yangiliklar

Jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarliklardan biri sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlashda faol yordam bergan shaxslar undirilgan jarimaning 50 foizi miqdorida mukofot puli bilan rag‘batlantirilishi nazarda tutilgan.
Davlat organi yoki tashkiloti mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi haqida qonunchilikda belgilangan tartibda xabar bermaslik — bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda, davlat xaridlari sohasida manfaatlar to‘qnashuvi talablarini bajarmaslik esa yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 193⁻4 va 215⁻7-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar aniqlanganda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Ma’lumot uchun: Mazkur kodeksning 61⁻1, 193⁻1 va 193⁻2-moddalarida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlashda faol yordam bergan shaxslarga BHMning uch baravari miqdorida mukofot puli to‘lanishi belgilangan.
Agarda siz hokimiyat tizimida manfaatlar to‘qnashuvi yoki korrupsiyaga duch kelsangiz, quyidagi aloqa kanallari orqali murojaat qilishingiz mumkin:
🔹 Facebook: facebook.com/jizzaxviloyathokimligi
🔹 Telegram: @Viloyat_hokimiga_murojaat
🔹 Ishonch telefoni: +998 72 222-06-95
🔹 Rasmiy veb-sayt: jizzax.uz/korrupsiya
🔹 Elektron pochta: jiz.korrupsiya@exat.uz
📌 Viloyat hokimligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat sho‘basi
