Jizzax viloyati hokimining 2024 yilda viloyatda amalga oshirilgan ishlar bo’yicha hisoboti va 2025 yilda qilinadigan ishlari yuzasidan axboroti
2025-03-20 08:05:00 / Yangiliklar

2024 yilda barcha sohalarda xalqimizning fidokorona mehnati evaziga katta o’zgarishlarni amalga oshirdi. Zamonaviy korxonalar, uy-joylar, yo’llar, ko’priklar qurildi. Ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari barpo etildi. O’zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish uchun qilingan salmoqli ishlarda viloyatimiz ahlining ham munosib ulushi borligidan faxrlanamiz.
Bunday ishlarning natijasini bugun har bir inson va oila, har bir jamoa o’z misolida ko’rmoqda. Eng muhimi, odamlarimizning ertangi kunga ishonchi ortmoqda. Bir so’z bilan aytganda, 2024 yil mamlakatimiz tarixida yorqin iz qoldirdi. SHu bois eski yilimizni shukronalik va rozilik bilan kuzatmoqdamiz.
Viloyatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirish, yangi ish o’rinlari yaratish, hududimizda yetishtirilgan xomashyodan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish maqsadida 2024 yilda umumiy qiymati 3,1 mlrd. AQSH dollari bo’lgan 83 ta yirik loyihalar ishga tushirildi, bunda 2,7 mlrd. dollarlik xorijiy investitsiyalar kiritildi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev olib borayotgan yaqin qo’shnichilik, davlatlar, xalqlar va millatlar o’rtasida do’stlikni mustahkamlash orqali teng huquqli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish siyosati tufayli viloyatimizda o’zlashtirilgan to’g’ridan to’g’ri xorijiy investitsiyalar va xorijiy kreditlar salmog’i oshib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.
Shu kunga qadar Xitoy Xalq respublikasidan 318,4 mln. dollar, Rossiyadan 57,4 mln. dollar, Shveysariyadan 61,6 mln. dollar, Janubiy Koreyadan 92,8 mln dollar, Chexiyadan 70 mln. dollar, Turkiya 53 mln. dollar, Angliyadan 34,1 mln. dollar, Belorussiyadan 27 mln. dollar, Italiyadan 28 mln. dollar miqdorida investitsiyalar kiritilib, to’liq o’zlashtirildi.
Jizzax shahrida Xitoylik investorlar "Mingyuan silu industry" qo’shma korxonasida qiymati 50 mln. dollar bo’lgan keng assortimentli oyna mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi va 250 ta yangi ish o’rinlari yaratildi.
Jizzax shahrida ko’p yillardan beri foydalanilmasdan turgan “SHarof Rashidov nomidagi to’qimachilik kombinati” MCHJda qiymati 81 mln dollarlik ip-kalava, 5,5 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Korxonaga 500 nafar yurtdoshlarimiz ishga joylashishdi.
Forish tumanida “Jizzax sement” MCHJ tomonidan qiymati 150 mln. dollarlik ko’mir yoqilg’isi asosida yuqori sifatli sement ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushirilib, 45 ta yangi ish o’rinlari yaratildi. Shunday yirik loyihalar Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida ham amalga oshirildi.
Viloyatda sanoat korxonalari soni 2017 yilda 1 676 tani tashkil etgan bo’lsa, 2024 yil yakuni bilan ularning soni 5 150 taga yetdi. Birgina Do’stlik tumani “Sanoatchilar” mahallasi hududidagi 3 gektar yer maydonida bugungi kunda mikrosanoat va xizmat ko’rsatish markazi tashkil etilib, umumiy qiymati 5 mln. dollar bo’lgan 30 ta korxonalar faoliyat ko’rsatmoqda, ularda 1 200 ta o’rinlari yaratildi.
Mahalliylashtirish sohasida keyingi 7 yilda dasturdagi loyihalar soni 2 barobarga, ishlab chiqarish hajmi 10 mlrd. so’mdan joriy yil yakuni bilan 12,6 trln. so’mga yetkazildi. O’tgan davr mobaynida import asosida viloyatimizga olib kelingan 450 turdan ortiq mahsulotlar korxonalarimizda ishlab chiqarilishi yo’lga qo’yildi.
2025 yilda 80 ta loyihalarda 13,6 trln. so’mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi hamda 1 mlrd. 65 mln. dollarlik import mahsulotlari kirib kelishining oldi olinadi.
Mahalliylashtirish haqida so’z ketganida, albatta, viloyatimizda ikkita yirik avtomobil’ zavodlari “ADM Jizzakh” va “BYD” ishga tushirilganligiga alohida urg’u berishni istardim.
Bugun, mazkur zavodlarda 4 mingta yangi ish o’rinlari yaratilib, yurtimiz yoshlari mehnat qilishmoqda.
“ADM Jizzakh” korxonasi tomonidan 19,3 trln. so’mlik 58 mingdan ortiq turli rusumdagi yengil avtomobillar ishlab chiqarilib, byudjetga 3 trln. so’m soliq va boshqa to’lovlar amalga oshirilgan. Hozirgi paytga qadar korxonaning 6 ta yangi mahalliylashtirish loyihalariga 103,7 mln. dollar investitsiya kiritildi.
Amalga oshirilgan islohotlar natijasida qishloq xo’jaligi tarmoqlari ham jadal rivojlanmoqda. 2020 yilda 11,2 trln. so’mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo’lsa, 2024 yilda 20,2 trln. so’mlik mahsulotlar yetishtirildi. Viloyatda so’nggi 5 yilda 81,9 ming gektar, jumladan, 70,9 ming gektar lalmi-yaylov yer maydonlari o’zlashtirildi, 11 ming gektar suvli yerlar qishloq xo’jaligida qayta foydalanishga kiritildi.
Faqatgina o’zlashtirilgan yerlardan 2024 yilda 230 ming tonna sabzavot, 203 ming tonna poliz, 23,4 ming tonna dukkakli, 6,2 ming tonna moyli, 673,7 ming tonna ozuqa mahsulotlari hosili olindi.
Sohada innovatsiya va yangi texnologiyalarni joriy etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. yerlardan unumli foydalanish, ekinlarning serhosil navlarini yetishtirish maqsadida 2024 yilda G’allaorol tumanida “Agro In vitro” ko’chat yetishtirish kompleksi ishga tushirildi.
Kompleksda laboratoriya, ko’chat tayyorlash issiqxonasi, 5 gektar maydonda onalik bog’i va 10 gektar maydonda ko’chatzor tashkil etildi. Ushbu kompleksda 2030 yilgacha 100 ming gektar yerlarda mevali bog’lar va uzumzorlar barpo qilish uchun mevali daraxt va uzum navlari yetishtirib beriladi.
Viloyatimiz aholisi so’nggi 7 yilda 1,2 mln. dan 1,5 mln. nafarga oshdi.
Oilalar soni 329 mingdan 355 mingga yetdi.
Aholi sonining ortib borar ekan, ularni oziq-ovqat, turar-joy bilan ta’minlash, yangi ish o’rinlari yaratish, davlatimiz rahbari oldimizga qo’ygan kambag’allikni qisqartirish, aholi uchun qulay turmush va mehnat sharoitlarini yaratish doim e’tiborimizda bo’ladi. Toki odamlarimiz ularni qo’llab-quvvatlovchi Prezident, davlat borligini his etib yashasin.
Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida so’nggi 7 yilda Yalpi hududiy mahsulot hajmi 10,8 trln. so’mdan 2024 yilda 39,3 trln. so’mga, ya’ni 3,6 barobar o’sdi. Aholi jon boshiga umumiy daromad 2017 yilda 2,5 mln. so’mni tashkil qilgan bo’lsa, hozirda 17,3 mln. so’mga yetdi.
Tadbirkorlik sub’yektlarini qo’llab-quvvatlash, infratuzilmasini yaxshilashga 250 mlrd. so’m mablag’ ajratilib, qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Aholiga ijaraga berilgan yerlardan samarali foydalanish maqsadida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida serdaromad ekinlar yetishtirish va eksportga yo’naltirish ishlari ham boshlab yuborildi.
2024 yilda hokim yordamchilari tomonidan 1,9 mingta mikroloyihalar amalga oshirilishi natijasida 10,9 mingta yangi ish o’rinlari yaratildi. 2025 yilda 309 ta mahallalarda 12,4 mingta mikroloyihalar amalga oshirilib, 25 mingta doimiy ish o’rni yaratiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017 yildagi 16 foizdan 76 foizga yetkazildi. Viloyatda maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud bo’lmagan mahallalar qolmadi.
2017 yildan hozirgi kunga qadar viloyatda 18 ta yangi maktab qurildi, 114 tasi ta’mirlanishi natijasida 3 koeffitsiyentdagi maktablar mavjud emas, 2 va undan yuqori bo’lgan 25 ta maktablar 2 koeffitsiyentdan pastga tushirildi.
Maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga kirish darajasi so’nggi 7 yilda 15 foizdan 42 foizga yetkazildi.
Sog’liqni saqlash, tibbiy yordamni jahon standartlari darajasiga ko’tarish eng birinchi vazifamiz hisoblanadi. Viloyatda so’nggi 7 yilda tibbiyot muassasalari soni 175 taga ko’payib, jami 332 taga yetdi. Respublikadagi 22 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlaridan 12 tasining viloyat filiallari tashkil etildi.
Natijada, Toshkent shahar va qo’shni viloyatlarga davolanish uchun viloyatimiz aholisining qatnovi 65-70 foizga kamaydi. Aksincha kardiologiya, endokrinologiya kabi eng so’nggi zamonaviy tibbiyot jihozlari bilan ta’minlangan viloyat markazlariga qo’shni viloyatlar, hattoki Tojikiston, Qozog’iston, Qirg’izistondan ham bemorlar davolanishga kelmoqda.
Birlamchi tibbiy yordam ko’rsatish sifati oshirilishi natijasida aholi ko’p chalinadigan ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari 2,5 foizga, qon aylanish tizimi kasalliklari 3,9 foizga, qon va qon yaratish a’zolari kasalliklari 4,5 foizga kamaydi.
Tez tibbiy yordam tizimiga 54 dona viloyatimizda yig’ilgan zamonaviy avtotransport vositalari harid qilindi.
Sport salomatlik manbai, tinchlik elchisi. Joriy yil viloyat tarixida ilk bor 9 nafar sportchimiz Parij-2024 olimpiadasida ishtirok etdi.
Shundan, Paralimpiada o’yinlarida 4 nafar sportchimiz faol qatnashib, parapaurlifting sport turi bo’yicha Roza Qo’ziyeva kumush medalni qo’lga kiritdi.
Aholini ommaviy sportga jalb qilish maqsadida barcha mahallalarda “Streetboll workout” va “Universal sport maydonchalari” qurilib, mahalla aholisiga topshirilishi natijasida viloyat aholisining 30 foizi ommaviy sportga jalb etildi.
Yaratib berilgan imkoniyatlardan yoshlarimiz unumli foydalanmoqda. Xususan, viloyatimiz sportchilari joriy yilda Osiyo, Jahon va xalqaro musobaqalarda jami 422 ta medal’, shundan 147 ta oltin, 163 ta kumush, 112 ta bronza medallarini qo’lga kiritdi.
Xalqimizda “Vatan ostonadan boshlanadi!” degan go’zal tashbeh bor. Hurmatli Prezidentimizning har bir oila uyli-joyli bo’lishi va o’z xonadonida yashab, ona-Vatan tuyg’usini qalbdan his etishi uchun yurtdoshlarimiz uchun turar-joylar qurishni ko’paytirish bo’yicha bergan topshiriqlari, qurilish sohasidagi dasturlarni amalga oshirish maqsadida so’nggi besh yilda viloyatga Davlat dasturlari doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari uchun jami 7,9 trln. so’m mablag’ ajratildi.
O’tgan yetti yil mobaynida viloyatda jami 15 017 ta, shundan 12 489 ta xonadonli 2 528 ta yakka tartibdagi hamda
382 ta ko’p qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirildi. 2024 yilda esa 3 047 ta xonadonli uy-joylar foydalanishga topshirildi.
Eng ahamiyatlisi, “Yangi O’zbekiston” massivlarida 2 500 xonadonli uy-joylar foydalanishga topshirildi.2 000 ga yaqin oilalar yangi uy-joylarga ko’chib kirdi.
2025 yilda 6 750 xonadonli, shundan, “Yangi O’zbekiston” massivlarida 940 xonadonli va qolgan uy-joyga talab yuqori bo’lgan boshqa massivlarda 5 810 xonadonli ko’p qavatli uy-joylar quriladi.
Hurmatli Prezidentimiz 2025 yilni Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili deb e’lon qildi.
Darhaqiqat, tabiatni asrash va kelajak avlodga yetkazish, ekologiya va iqlimning salbiy o’zgarishlarini oldini olish o’z qo’limizda. Buni Davlatimiz rahbari boshlab bergan “Yashil makon” umummilliy dasturini amalga oshirish jarayonlari ham ko’rsatib turibdi.
Viloyatimiz ahlining tashabbuskorligi natijasida 2021-2024 yillarda jami 79 mln. ta daraxt va buta ko’chatlari ekilib, yashilmakon.eco platformasiga kiritildi.
Sharof Rashidov tumani “Oqtosh ota” mahallasidagi “Yangi O’zbekiston” massivida 28 gektar yer maydonida Turkiya tajribasi asosida zamonaviy bog’larni barpo etish ishlari boshlab yuborildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o’tgan yilda 16 mln. tup ko’chat ekidi.
Bu ezgu ishlar kelgusi yilda ham davom etadi. 2025 yilda 17 mln. ta ko’chatlar ekiladi.
Albatta, o’tgan 2024 yil natijalari barchamizni quvontiradi, ana shu ishlarning bevosita ishtirokchilari sifatida ko’ksimizda iftixor tuyg’ulari barq uradi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganiday, hamma yutuqlarimiz, mehnat g’alabalarimiz himmati baland, lafzi halol xalqimiznikidir.
