GERMANIYANING O‘ZBEKISTONDAGI FAVQULODDA VA MUXTOR ELCHISI BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI
2025-05-14 09:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida mehmonga BMB HOLDING’NING asosiy faoliyat yo‘nalishlari, ishlab chiqarilayotgan va qayta ishlanayotgan mahsulotlar turlari, ularning sifat ko‘rsatkichlari, eksport salohiyati hamda turizm va xizmat ko‘rsatish sohasidagi so‘nggi yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Elchi janoblari Holdingning Mangold Consulting va BREITZMANN Edelmetalle & Diamanten kabi yetakchi nemis kompaniyalari bilan mavjud hamkorligini yuqori baholadi.
Shuningdek, tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Muloqot chog‘ida Germaniyaning ilg‘or texnologiyalari hamda O‘zbekistonning ishlab chiqarish va logistika imkoniyatlari o‘rtasidagi mukammal uyg‘unlikdan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Ikkala davlat sanoat kooperatsiyasi, innovatsion texnologiyalar transferi va chuqur qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropaga eksport qilish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Germaniya elchisi BMB HOLDING tizimidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar namunalari joy olgan shourum va muzey faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuv yakunida elchi Manfred Huterer Bekzod Mamatqulovni 2025-yil iyun oyida Dusseldorf shahrida bo‘lib o‘tadigan Ishbilarmonlar Kengashi yig‘ilishiga taklif qildi.
Jizzax viloyatida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan tibbiyot markazi uchun nemis klinikalari bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi. Bu uchrashuv O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish sari muhim qadam bo‘ldi.


