Xavfsiz yo‘llarga yangi bekatlar yarashadi
2025-01-22 09:40:00 / Yangiliklar

Qurilish loyihasiga ko‘ra, katta magistral yo‘lning ikki tarafida ilgarigi yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagining yonginasidan avtobus bekati barpo etilmoqda.
Buyurtmachi Jizzax avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi davlat muassasasi sanalsa, Sharof Rashidov tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasining 5 ta maxsus texnikasi hamda 20 nafardan ortiq yo‘lsozlari tomonidan qurilish maydonida beton, asfalt qoplamasini yotqizish ishlari olib borilayotir.
—25 yanvarga qadar har ikkala avtobus bekatining qurilishini yakunlab, topshirishni rejalashtirganmiz,—deydi Sharof Rashidov tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi direktori Otabek Toshpo‘latov. — Loyihaga ko‘ra, bu yerda ikkita uzunligi 60 metr, eni olti metrli bekat, 50 metrli piyodalar yo‘lagi quriladi.
Jizzax shahrida, ayniqsa, bozor qarshisidagi chorraha atrofida avtomobillar va piyodalar harakatidagi tartibbuzarliklar, qator yillardan beri shu hududda kuzatilib kelingan baxtsiz hodisalar ko‘pchilikni tashvishga solib kelayotgani bor haqiqat.
Jizzax shahrida so‘nggi yillarda transportlar harakatining tirbandligini oldini olish, piyodalar va avtomobillar harakati xavfsizligini ta’minlashda yer osti va yer usti piyodalar o‘tish yo‘llari, ko‘priklar va bekatlarning barpo etilayotgani bu kabi muammolarga yechim sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bejizga yo‘l qurmoq—savob, yo‘l kezmoq—rohat deb ota-bobolarimiz aytishmagan. Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlar zamirida ham avvalo, inson omili, qadri tamoyili yotibdi. Barcha ezgu harakatlar zamirida mahallalar obodligi, aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan ustuvor vazifalar mujassam.
“Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon”, “Ilg‘or hudud”, “Xavfsiz va ravon yo‘l”, “Ochiq budjet” kabi qator davlat dasturlari va loyihalarining hayotga tatbiq etilishi natijasida shahar va qishloqlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shildi.
Odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga birin-ketin yechim topilib, ijobiy hal etilayotir.
Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi savobli yumushlar, loyihalar, davlat dasturlarining ijrosi yo‘lsozlarning mehnati va jamoatchilik nazorati bilan bugun hududlarda sifatli qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu aholi kayfiyatiga, hududlar infratuzilmasining yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.


